THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

“NAJOT: MASLAKDA SABOT, TO‘G‘RILIKDA IJOBAT”


26.06.2024

Bu – 1906 yil 27 iyun kuni chop etilgan Turkiston o‘lkasidagi ilk milliy o‘zbek matbuoti – “Taraqqiy” gazetasining shiori. Aynan shu kun – aynan istiqlolning dastlabki yillaridan, to‘g‘rirog‘i, Birinchi Prezident Islom Karimovning 1993 yil 24 iyun kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, bayram qilib kelinmoqda.

O‘sha tarixiy hujjatda – OAV vakillarining istiqlol g‘oyalarini targ‘ib etish, yangi demokratik jamiyat qurish, aholini Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi xizmatini e’tirof qilgan holda, 27 iyunni – kasb bayrami deya e’lon qilish belgilangan. E’tibor qilingki, jurnalistlar, matbuot vakillarining – hali atak-chechak qilayotgan yosh davlat istiqbolidagi o‘rni nechog‘li ekani anglab yetilib, e’tirof etilgan, yuqori baholangan. Boshqa tomondan esa, matbuot kunining xuddi shu kuni nishonlanishi – Birinchi Prezidentning o‘z yurti tarixidan juda yaxshi xabardor bo‘lib, uning ziyolilari kechmishiga qanchalar muhabbat bilan qaraganiga dalil bo‘la oladi.

Bu e’tiboru e’tirof faqat kasb bayrami ta’sis etish bilan cheklanib qolingani yo‘q. Keyinroq, 1996 yil 26 aprelda Islom Karimov tashabbusi va uning o‘zi imzo chekkan Qonun bilan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni ta’sis etilib, o‘nlab qalam ahli, sohaning yetuk, ko‘p yillik tajribaga ega xodimlari qatorida, yosh, shijoatli, o‘zining qat’iy so‘zi va yo‘liga ega ijodkorlar mazkur yuksak davlat mukofotiga sazovor bo‘lishdi. 1997 yil 24 aprelda “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, 2007 yil yanvarda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi va boshqa qonun hamda qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. O‘sha yili faol va fidoyi jurnalistlarni rag‘batlantirish maqsadida “Oltin qalam” milliy mukofoti ta’sis etildi.

Birinchi Prezidentning o‘zi ham jurnalistlarni g‘oyat qadrlar, ular bilan tez-tez muloqot qilib, fikrlariga quloq tutar, lozim bo‘lganda, g‘amxo‘rlikni ham o‘rniga qo‘yar edi. U jurnalistikani – xalq bilan ommaviy muloqotga kirishadigan qudratli soha sifatida qadrlardi. Milliy va xorijiy OAV vakillari bilan tez-tez uchrashib, voqealarni xolislik bilan yoritish, mafkuraviy kurash avj olgan pallalarda aholini, ayniqsa, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan saqlash borasida jurnalistlar oldida turgan vazifalar hususida qarashlarini bayon qilardi. Qalam ahlining kasb bayramida esa alohida tabrik yo‘llashni kanda qilmasdi.

O‘shandoq tabriklardan birida shunday deyiladi: “Bugungi kunda har qaysi matbuot xodimi kasb mahoratini egallash bilan birga, o‘z hayotiy prinsiplariga ham ega bo‘lishi, haqiqat uchun kurashishga intilishi, shu yo‘lda qat’iyat va shijoat ko‘rsatishi, lo‘nda qilib aytganda, vijdon amri bilan yashashini – zamonning o‘zi talab qilmoqda”.

Maqola sarlavhasiga chiqarilgan, o‘tgan asrning ilk yillarida muomalaga kiritilib, istiqlol yillarida qadr topgan – “maslakda sabot, to‘g‘rilikda ijobat”ni umr mezoniga aylantirgan kasb egalari – matbuot ahliga e’tibor, munosabat yangi O‘zbekiston sharoitida ham yanada kuchaydi. Shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning quyidagi fikrlarini keltirishning o‘ziyoq fikrimizga yaqqol dalil bo‘la oladi: “Ommaviy axborot vositalarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davom ettirilib, jurnalistlarning erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Men, haqiqat va adolatni o‘z e’tiqodi deb biladigan barcha jurnalistlarni – islohotlarning faol ishtirokchilari, o‘zimning eng yaqin do‘stlarim, deb bilaman va ular hamisha Prezident himoyasida bo‘ladi”.

Demak, ilk o‘zbek gazetasi shiorida – buyuk jadid bobolarimiz tomonidan ifoda etilgan, najotni nedan izlash kerakligi haqidagi g‘oya – asrlar o‘tsa-da, o‘z qadr-qimmatini yo‘qotmaydi.

 F.Qurbonboyev olgan suratlar