THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

XOTIRANGIZ OLDIDA TA’ZIMDAMIZ


30.01.2023

30 yanvar – Islom Karimov tavallud topgan kun

 Armonli dunyo... O‘tganlarni yodga olganda, xali yashasa bo‘lardi,  tirik bo‘lganida falon yoshga kirardi, deya armon qilishadi.

 Islom Abdug‘aniyevich Karimovdek shaxslarning nomini yodga olar ekanmiz, “barhayot” degan ibora tilimizga kelaveradi. Nima uchun? Nega u kishini yurakni o‘rtaydigan armon bilan emas, balki qalbimizni yoritib yuboradigan tuyg‘ular bilan esga olamiz? Faxr-iftixor, g‘urur, xalollik va poklik, xavas bilan yashash, ertangi kunga ishonch butun borlig‘imizni qamrab oladi go‘yo. Sababi u kishining o‘zlari ham ayni shu tamoyillarga tayanib yashaganlar. Vatan manfaatlarini har narsadan ustun qo‘yganlar.   Butun  umrini el va yurt ravnaqiga bag‘ishlagan,  “O‘zbekiston” nomli karvonni yorug‘ manzil sari ishonch bilan yetaklagan shijoatli sarbon - Islom Karimov bugun ham biz bilan. Uning ezgu amallari, ma’naviy merosi biz bilan. Izdoshlarining sadoqati tufayli bu ulug‘ insonning xotirasi hamisha el ardog‘ida.

Islom Abdug‘aniyevich Karimovning hayoti va serqirra faoliyati to‘g‘risida dunyoning taniqli tadqiqotchi olimlari, yozuvchilar, siyosatchilar, davlat yetakchilari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, u kishining do‘stlari va safdoshlari tomonidan bildirilgan fikr – mulohazalar, yozma va og‘zaki xotiralar bisyor. O‘z davrining yetuk siyosatchisi, tarixiy shaxs, uzoqni ko‘ra bilgan davlat arbobi, o‘z xalqining sodiq farzandi, chin vatanparvar, yurt qaxramoni singari tariflar bilan, xalqaro maydonda tanilgan va tan olingan Birinchi Prezidentimizning sa’y-harakatlari chuqur taxlil qilinib munosib baxolangan.

Islom Karimov fenomeni xali ko‘p izlanishlarni talab etadi.

         Oqsaroy qarorgohida tashkil etilgan muzey eshiklari rasman ochilganidan keyin tashrif buyuruvchilar bu yerda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidentini o‘zlari uchun yangitdan kashf qilishlariga ishonchimiz komil. 

Bugun – Islom Karimovning tavallud topgan kunida esa, biz buyuk iqtidor egasini, yurt darbozasini hurlik va ozodlik shamoliga keng ochib bergan, elim, mustaqilsan endi deya, zabunlik va qaramlik kishanlarini parchalab tashlagan, O‘zbekistonni olamga tanitgan insonning nomini oddiy odamlarga xos samimiy tuyg‘ular bilan: “Ota, oxiratingiz obod bo‘lsin, biz Sizni sog‘inib yashaymiz” deya, tilga olishni lozim topdik.

         Zero, tarixini, ajdodlarini, o‘tkan kunlarini ardoqlagan xalqning ertangi kuni yorug‘ va barokatlidir.

   

F.Kurbanbayev suratlari.