THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

HURLIGIMIZ TARANNUMI


10.12.2025

O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat suverenitetining ramzidir. O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasiga zo’r ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasi har bir fuqarosining vatanparvarlik burchidir”.

Bu iqtibos 1992 yil 10 dekabrda, bosh qomusimiz qabul qilingan kundan ikki kun o’tib, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to’g’risida”gi Qonundan olindi. Chindan ham betakror Vatanimizning ko’zga to’tiyo qilingulik timsollaridan biri bo’lmish Davlat madhiyasi – xuddi Bosh qomus, bayroq, tug’ro kabi – xalqning azaliy orzulari, ezgu niyatlari, bugungi hayot mazmuni aks etgan muhtasham tarona, hurligimiz tarannumidir. Uning huquqiy maqomi maxsus qonun bilan mustahkamlab qo’yilishi esa – davlat suverenitetiga bo’lgan e’tiqodning rasmiyligini ta’minlashdan iborat.

Darhaqiqat, Abdulla Oripov so’zi, Mutal Burxonov musiqasi jo’rligida ijro etiladigan O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi mustaqillikka e’tiqodni targ’ib qiladi. Uning matni fuqarolarimizni mustaqil davlat qurish yo’lida matonat va jasoratga, sabr-toqat va fidokorlikka, tashabbuskorlik va kurashga chaqiradi, milliy g’ururni uyg’otadi.

Mutal Burxonov  tiriklik chog’ida mana bu so’zlarni iftixor bilan aytgandi: “Bir narsadan faxrlanaman – mening musiqam butun dunyo bo’ylab yangraganida ne-ne insonlar o’rnidan turib qulluq qiladi. Buning ma’nosi katta, ular mening san’atim qarshisida emas, Vatanim O‘zbekistonning salobatli ovozi qarshisida bosh egadilar. Davlat madhiyasi bu Vatanning ovozi. Menga yaratgan egam o’sha ovoz ohanglarini qalbimga joylagani va bu ohangni o’zga qalblarga etkaza olishim uchun yo’l berganiga beadad shukronalar aytaman”.

33 yilki, har tongni madhiyamiz sadolari bilan qarshi olamiz. Qalbda yangi kunga, istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik, kelajakka qat’iy ishonch tuyg’usi jo’sh uradi. Demak istiqlolimizni, yurtimizning kuch-qudrati, xalqimizning aql-zakosi, ajdodlarimizning shon-shuhrati va avlodlarimizning yorug’ kelajagini sharaflovchi tarona – xalq ovozi asrlar osha baralla yangrayveradi. Zero, Vatan bu  – xalq degani.

F.Qurbonboev fotosuratlari