THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

EZGULIK, SAXOVAT, MEHR-OQIBAT VA SHUKRONALIK AYYOMI


26.05.2026

Qadim zamonlarning maydataroq g‘alviridan o‘tib, bizgacha etib kelgan ayon bir haqiqat bor: inson zoti ochlikka, moddiy nochorlikka bardosh berishi, chidab yashashi mumkin. Chunki azbaroyi kelajakka umid o‘lmagan bo‘ladi. Lekin ma’naviy xo‘rlik yomon, ajdodlari bilan bog‘lab turgan – o‘zlikdan ayrilish yomon. Chunki bunda o‘sha miltillab yonib turgan umid chirog‘i ham batamom so‘ngan bo‘ladi. Odam ma’nan muallaq qoladi.

Bir paytlar qatag‘on qilinib, ularni pana-pastqamda, bekitib nishonlagan mardum turfa balolarga giriftor etilgan – Navro‘z, hayit bayramlarining xalqqa qaytib berilgani hodisasi – bugun yoshlar uchun bir ertakdek, takror gapdek tuyulishi mumkin. Lekin bu gaplar azbaroyi kechagi, tunov kungi tariximiz bo‘lgani bois, esdan ham chiqib ketmasligi kerak. Yana bir haqiqatni unutmaslik lozimki, bu bayramlarni, bu qadriyatlarni o‘zbekka – uning Birinchi Prezidenti Islom Karimov qaytarib bergan. Hali sobiq Sho‘rolar mamlakati tarqamay turib, 1991 yil 11 aprel kuni “An’anaviy milliy bayram “Ro‘za hayiti”ni nishonlash haqidagi Farmonga imzo chekilgan bo‘lsa, keyinroq, mustaqil bo‘lingach, yurt etakchisining 1992 yil 27 martdagi Farmoni bilan Ramazon, Qurbon hayitlarining birinchi kunlari – dam olish kuni deb e’lon qilingan.

Qadriyatlarni tiklashda esa faqat hayitlarni bayram qilish bilan cheklanilgani yo‘q. “Inson e’tiqodsiz, iymonsiz yashay olmaydi. Chunki komil va sobit e’tiqod jamiyat ma’naviy qiyofasini belgilaydi. Bu borada Islom dini katta ahamiyatga ega”, degan haqiqatni ilgari surgan Islom Karimov o‘z faoliyati davrida necha asrlik merosni qadriyat darajasiga chiqarib, talay ulug‘, ezgu ishlarni amalga oshirdi. Haj va Umra amallarining yo‘lga qo‘yilishi, Imom al-Buxoriy, Imom al-Moturidiy, Burxoniddin Marg‘inoniy, Hakim at-Termiziy, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband kabi ulug‘ ajdodlarimiz maqbaralarining obod qilinishi hamda ular merosining tadqiq etilishi, Toshkent Islom universitetiga asos solinishi, barcha hududlarda hashamatli masjidlar barpo etilishi kabi va boshqa yuzlab tadbirlarning o‘zi – Birinchi Prezidentning bu masalaga nechog‘li katta e’tibor bilan qaraganiga dalildir.

Bugun endi tinchlik-xotirjamlik, mehr-oqibat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, himmat va saxovat kabi ezgu an’analar mustahkam qaror topgan bu yurtda, Yangi O‘zbekistonda, diniy qadriyatlarga bo‘lgan e’tibor izchillik bilan yangi  darajaga chiqqan sharoitda, Ramazon va Qurbon hayitlari zo‘r bir ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda.

Poytaxtda dunyoda tengi yo‘q Islom sivilizasiyasi markazining, Samarqandda  Imom Buxoriy majmuasining bunyod etilgani, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasiga, Samarqandda Hadis ilmi maktabiga asos solingani, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy, Namanganda Sulton Uvays Qaraniy qadamjolari, Toshkent shahrida Suzuk ota majmuasi yangitdan bunyod qilingani, o‘nlab muhtasham masjidlar, diniy bilim muassasalari barpo etilgani, ziyoratgoh maskanlarning obod qilingani – yuqorida aytilgan izchil davomiylikning yorqin namunalaridir.

Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’kidlab aytganidek, “Biz yurtimizda rivojlangan davlat, erkin jamiyat poydevorini bunyod etish uchun, eng avvalo, ilm va ilm, ta’lim va yana bir bor ta’lim, degan oliy maqsadni hayotimizga joriy etmoqdamiz. Zero, muqaddas dinimiz ham bizni doimo ilmu ma’rifatga da’vat etadi”.

Mamlakat Prezidentining shu yil 20 mayidagi “Muborak Qurbon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi Qaroriga binoan yurtimiz ahli 5 kun dam olish imkoniga ega bo‘lgani, Qurbon hayiti munosabati bilan keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirish, jumladan, og‘ir va nogironlikni keltirib chiqaruvchi kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolada jarrohlik amaliyoti o‘tkazish, 2,3 ming nafar onkologik, gematologik va onkogematologik tashxisi qo‘yilgan bemorlarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish, davolash va jarrohlik amaliyotlari, shuningdek, kamida 350 nafar bemorda jigar va buyrak transplantasiyasi amaliyotlarini o‘tkazish xarajatlarini qoplash ko‘zda tutilgani kabi hamda boshqa tadbirlar – mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish, jamiyatda mehr-oqibat, saxovat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan bo‘lib qolayotganiga isbot bo‘la oladi.

...Darvoqe, ulug‘ ayyom – Qurbon hayiti arafasida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi mehmonlari, ayniqsa, yoshi ulug‘, ko‘pni ko‘rgan otaxonu onaxonlarimizning ko‘payganini kuzatish mumkin. Ahamiyatlisi, “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasida bo‘lgan yurtdoshlarimiz – Islom dinidek ulug‘ qadriyatni xalqiga qaytarib bergan shaxs, ya’ni Birinchi Prezidentimizning hayoti va faoliyati muhrlangan suratlar, fotolar va haykaltaroshlik namunalarini g‘oyat qiziqish bilan tomosha qilisharkan, buyuk inson, boshda aytilgan – millatning umid chirog‘ini qayta yoqqan inson xotirasini ajib bir hurmat va tavoze bilan yodga olishayotganini ilg‘ash qiyin emas...

Biz esa, fursatdan foydalanib, ezgulik, saxovat, mehr-oqibat va shukronalik ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin, deymiz!

F.Qurbonboev fotosuratlari