THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

BYULLЕTЕNNING YANGI SONI BOSMADAN CHIQDI


04.11.2025

Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tomonidan nashr etiladigan axborot byulletenining 2025 yilgi 2-soni bosmadan chiqdi.

Mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimovning mamlakat, xalq, millat rivoji va shakllanishi yo‘lidagi buyuk xizmatlari e’tirofiga bag‘ishlangan mushohadalar asosiy negizini tashkil etgan byulleten – majmua Vasiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezident rafiqasi Tatyana Karimovaning bosh maqolasi bilan boshlangan. “Davlatimizning eng katta zamini” deb nomlangan ushbu maqola xalqimizga eng yaqin tuzilma hisoblangan mahalla instituti va uning rivoji bo‘yicha Birinchi Prezident rahbarligida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlanadi. Unda jumladan, shunday fikrlar bor: “Islom Abdug‘aniyevich ham hamma qatori, xonadonining eshigi barcha uchun lang ochiq bo‘lgan, devor-darmiyon qo‘shni – qarindoshdan ko‘ra yaqin bo‘lgan muhitda voyaga yetgan. Uning ko‘z o‘ngida mahalla mudom katta bir oiladek, qayg‘uda ham, shodlikda ham suyanchiq bo‘lib shakllanib qolgan. Ammo yana bir tomoni bor ediki, bu taxlit mustahkam rishtalar avvallari faqat inson omiliga, asriy an’analargagina tayangan, huquqiy asosi mustahkam bo‘lmagan”.

Byulletenda – majmua tomonidan joriy 2025 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi xabarlardan tashqari, Islom Karimov hayoti va faoliyati haqida zamondoshlarining samimiy esdaliklari, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarga keng o‘rin berilgan.

Nashrning an’anaviy “Yodi hamisha yodda” ruknida O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinovning “Yo‘lboshchi”, taniqli davlat arbobi, 1993-2008 yillardagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis raisi Erkin Xalilovning “Islom Karimov – tarixni yaratgan shaxs”, mamlakatning dastlabki yillardagi parlamenti raisi o‘rinbosari Boris Bugrovning “On bezgranichno lyubil svoy narod”, mustaqil O‘zbekistonning ilk Mudofaa vaziri Rustam Ahmedovning “Vo imya mira i stabilnosti”, jurnalist Nuriddin Ochilovning “Biz va xotira” nomli xotiralari, shuningdek, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Prezident marsiyasi” she’ri o‘rin olgan.

“Talqin va tadqiqotlar” rukni orqali e’lon qilingan maqolalarda esa olimlar – yuridik fanlar doktori Mirodiljon Baratov, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktorlari Oybek Abdimo‘minov va Hamro Rahmonovlarning – mustaqil O‘zbekistondagi mulk huquqi, tarix, ma’naviyat asoslari borasidagi ilmiy tadqiqotlariga o‘rin berilgan.

Axborot byulletenining “Majmua hayotidan lahzalar” bo‘limidagi maqolalar orqali esa, odatdagidek, ilmiy-ma’rifiy majmuaning 2025 yil birinchi yarmida amalga oshirilgan keng qamrovli faoliyati bilan mufassal tanishishingiz mumkin.

Muxtasar qilib aytganda, avval hech qayerda chop etilmagan boy fotoarxivdan keng foydalanilgan, tabiiyki, aksariyat mualliflari boshqa axborot manbalarida aytilmagan xotiralar o‘rin olgan mazkur nashr bilan tanishgan mushtariy – Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasining faol kundalik hayoti haqidagi mukammal tasavvurga ega bo‘lishi shubhasiz.

Temur Qurbonboyev fotosuratlari