THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Birinchi Prezidentimiz tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan ko‘plab tadbirlar Surxondaryoda ham o‘tkazilmoqda


26.01.2018

Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Surxondaryo viloyatida ham o‘tkazilmoqda. 

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, olimlar, shoir-yozuvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, san’atkorlar, mehnat faxriylari va yoshlar faol ishtirok etmoqda. 

Birinchi Prezidentimizning “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch”, “Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir”, “Prezidentga maktublar”, “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov faoliyati xronikasi (Solnoma)” kitoblarining taqdimoti ishtirokchilarda katta taassurot qoldirmoqda. 

Viloyat markazida tashkil etilgan shunday tadbirda O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.Majidov, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Surxondaryo viloyati kengashi raisi o‘rinbosari O.Soatov va boshqalar bugungi tinch-osoyishta va farovon turmushimiz, ozod va obod hayotimizni barpo etishda Birinchi Prezidentimizning oqilona siyosati muhim ahamiyat kasb etganini ta’kidladi. Buyuk davlat va siyosat arbobining og‘ir va mashaqqatli yillarda amalga oshirgan ulkan ishlari, yuksak insoniy fazilatlari yodga olindi. 

Surxondaryo viloyati istiqlol yillarida sanoati rivojlangan hududga, ulkan bunyodkorlik maydoniga aylanmoqda. Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘li, Xonjiza polimetall rudalar koni, qishloqlarda barpo etilayotgan namunaviy uy-joylar, ta’lim, tibbiyot muassasalari, musiqa va bolalar sporti inshootlari Birinchi Prezidentimiz nomi bilan bevosita bog‘liq. 

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi. 

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA

***


Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov faoliyati xronikasi (Solnoma)”, “Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir”, “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” hamda "Prezidentga maktublar” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi, viloyat, tuman va shaharlar hokimliklari mas’ullari, ta’lim muassasalari rahbarlari, shoir-yozuvchilar, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat va tuman kengashlari xodimlari, yoshlar ishtirok etdi. 

– Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori ayni xalqimiz ko‘nglidagi hujjat bo‘ldi, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Shamsiddin Jumayev. – Birinchi Prezidentimiz mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi yo‘lida o‘z hayotini fido etgan qat’iyatli va mard inson sifatida doimo qalbimizda qoladi. U kishining hayoti va faoliyati barchamizga, ayniqsa, yosh avlodga ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu asarlar ham Birinchi Prezidentimizning hayoti va faoliyati haqida hikoya qilishi bilan qadrlidir. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi “Ma’naviyat” nashriyoti bilan birgalikda ushbu kitoblar barcha tuman va shaharlar hokimliklari tomonidan joylarga davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalariga yetkaziladi. 

Tadbirda o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov kitoblari ishtirokchilarga tarqatildi. 

Abdulaziz Musayev, O‘zA