THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

BIRINCHI PRЕZIDЕNT XOTIRLANGAN HAFTA


10.09.2024

“Mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov Vatanimizni mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Buyuk Yo‘lboshchimiz g‘oyat qaltis va tahlikali bir vaziyatda og‘ir qiyinchiliklar va sinovlarga qaramay, tarixan qisqa davrda O‘zbekistonni jadal va barqaror sur’atlar bilan rivojlanayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi”.
Bu e’tirof O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi qarori muqaddimasida bitib qo‘yilgan bo‘lib, ayni shu hujjatga muvofiq, har yili 2 sentyabr sanasi – Birinchi Prezident xotirasi kuni sifatida nishonlanadi.
O‘tgan haftada poytaxtdagi Oqsaroy qarorgohi kiraverishida, qolaversa, Samarqand va Qarshi shaharlarida qad rostlagan Islom Karimov haykallari poyi – buyuk davlat arbobi xotirasiga hurmat bajo keltirib, qo‘yilgan gullarga to‘ldi.
Avval xabar qilinganidek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ham Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, haykal poyiga gulchambar qo‘ygan, Qur’on tilovat qilinib, Birinchi Prezidentimizning yurtda tinchlik va barqarorlikni saqlash, aholi turmushini yaxshilash borasidagi xizmatlari yodga olingan edi.
Xotirlash tadbirlariga davlat va jamoat arboblari, keng jamoatchilik vakillari hamda talaba-yoshlar bilan bir qatorda – xorijlik mehmonlar va chet el tashkilotlari vakillari ham tashrif buyurib, Islom Karimov xotirasi oldida hurmat bajo keltirishdi. Xususan, Amerika Qo‘shma shtatlari, Xitoy Xalq Respublikasi, Turkiya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Koreya Respublikasining “KOICA” xalqaro agentligi vakillari va boshqa mehmonlar – O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi xotirasi oldida o‘z ehtiromlarini namoyish qilishdi.

F.Qurbonboyev fotosuratlari