THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Baxtimiz qomusi


05.12.2018

Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘ta murakkab bir sharoitda, nafaqat respublikamizda, balki butun sobiq Ittifoq hududida tahlikali vaziyat yuzaga kelgan, fojiali voqealar ro‘y berayotgan 1989 yilda, mamlakatimizda tinchlik, millatlararo totuvlikni saqlab, siyosiy va iqtisodiy inqirozga yo‘l qo‘ymasdan yurt va xalqni jar yoqasidan qaytara olgan mard va odil yetakchi bo‘lib maydonga chiqdi.

  

O‘sha yillari siyosiy va iqtisodiy jihatdan barqaror, tinch va farovon O‘zbekistonni barpo etishda, mamlakatni istiqbolda taraqqiy ettirishda huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladigan Konstitutsiyani yaratish, ustuvor vazifaga aylanganini bugun yana bir bor yodga olish o‘rinlidir.

 

Tarixan qisqa muddatda mamlakatdagi siyosiy va iqtisodiy vaziyatning murakkabligiga, atrofimizdagi beqarorliklarga qaramasdan Mustaqil O‘zbekistonning Konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish bo‘yicha juda katta, misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirildi. Sobiq Ittifoq tizimidagi qonunlardan farqli o‘laroq, Bosh qomusimiz davlatimizni iqtisodiy va siyosiy rivojlantirishga keng imkoniyatlarni ochib beruvchi hujjat sifatida ilg‘or mamlakatlarning huquqiy amaliyotini o‘zida to‘liq mujassam etdi.

 

Yangi Konstitutsiyani tayyorlashda komissiyaning raisi sifatida Islom Karimovning qarash va intilishlari yagona maqsadga yo‘naltirilgan edi. Ya’ni, O‘zbekiston, insonparvarlik tamoyillariga asoslangan, millati, diniy e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va siyosiy qarashlaridan qat’iy nazar, fuqarolarning huquq va erkinliklari ta’minlangan, kelajagi buyuk mustaqil demokratik davlat ekanligi mazkur hujjatda to‘liq ifoda etilishi shart.

 

Konstitutsiyani ishlab chiqish jarayonida Islom Abdug‘aniyevich shaxsan AQSh, Germaniya, Yaponiya, Kanada, Fransiya, Portugaliya, Italiya, Shvetsiya, Turkiya, Ispaniya, Hindiston va Misr kabi davlatlarning asosiy qonunlarini mukammal o‘rganib chiqqan.

 

Uch oy davomida Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasidan o‘tib, 1992 yil 8 dekabr kuni O‘zbekiston Parlamenti mazkur tarixiy hujjatni qabul qildi. Shu kundan boshlab ushbu sana mamlakatimizda keng nishonlanib kelmoqda.

4-dekabr kuni Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasida Konstitutsiya qabul qilingan kunga bag‘ishlab davra suhbati o‘tkazildi.

 

«O‘zbekiston Konstitutsiyasi – mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy poydevori» mavzuida tashkil etilgan tadbirda respublika Mudofaa va Oliy ta’lim vazirliklari o‘qituvchi va talabalari, Davlat boshqaruv akademiyasi qoshidagi Yoshlar muammolarini o‘rganish va istiqbolli kadrlar tayyorlash instituti xodimlari va tinglovchilari, «Mahalla» kengashi va Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi vakillari hozir bo‘ldilar.

Mehmonlar Islom Karimov haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirishdi. «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasini tashrif buyurganlar o‘zgacha qiziqish bilan tomosha qildilar.

 

Davra suhbatida Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova, Yodgorlik majmuasi rahbari Temur Shirinov, Islom Karimovning safdoshi Georgiy Kraynov, Toshkent davlat yuridik universiteti professori Omonilla Muhammadjonov, taniqli huquqshunos olim, professor Boboqul Toshev, podpolkovnik Elyor Toshtemirov, Guliston davlat universiteti talabasi, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sovrindori Shohsanam To‘lqin qizi va boshqalar ishtirok etdilar, ma’ruzalar qilib, mavzuga doir mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

 

Namoyish etilgan «Mustaqillik me’mori» nomli film yig‘ilganlar, ayniqsa yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Birinchi Prezidentning rafiqasi tomonidan mehmonlarga taqdim etilgan «Islom Karimov – Mustaqil O‘zbekiston asoschisi» kitob albomi va «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasi katalogini olgan harbiylar, talabalar va o‘qituvchi-professorlar, mahallalarning faollari Tatyana Karimovaga cheksiz minnatdorliklarini bildirishdi.

 

 Ismail Xamdiyev olgan suratlar