THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Asaka shahrida Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi


13.02.2019

O‘zbekistonda birinchi avtomobil ishlab chiqarilganiga 20 yil to‘ldi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston uchun mutlaqo yangi bo‘lgan soha – avtomobilsozlik sanoatiga asos solishi va uni rivojlantirish tashabbusining hayotga tatbiq etilgani Istiqlol solnomasidagi muhim sahifalaridan biri bo‘lib qoldi. Asaka avtomobil zavodiga asos solinishida uning o‘zi bevosita ishtirok etgandi.

Bugun ushbu avtomobil zavodi O‘zbekistonning yetakchi sanoat korxonalaridan biri sanaladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 25-yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq Asaka avtomobil zavodiga O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti nomi berilgani – barcha xodimlarga iftixor tuyg‘usini bag‘ishladi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida qisqa vaqt ichida zavod hududida Islom Karimov yodgorlik majmuasi barpo etildi hamda doimiy ravishda faoliyat yuritadigan «Islom Karimov va O‘zbekistonda avtomobil sanoatining rivoji» ko‘rgazma-muzey ish boshladi.

 

Mazkur majmuada har yili Islom Karimov tavallud topgan kunga bag‘ishlab tadbir o‘tkazilishi an’ana aylangan.

Bu yil ham, 30-yanvar kuni majmuada Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi. Keng jamoatchilik vakillari, viloyat hokimligi rahbariyati, zavod ishchi xizmatchilari, mehnat faxriylari, oliy o‘quv yurtlari va maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari, talaba va o‘quvchilar Islom Karimovning byusti poyiga gulchambarlar qo‘yib uning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar.

Tantanali marosimda so‘zga chiqqanlar Birinchi Prezidentning el-yurt ravnaqi yo‘lidagi buyuk xizmatlarini hurmat va ehtirom yodga oldilar.