THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

AMIR TЕMUR DAHOSI


09.04.2025

Xalq qachon millat bo‘ladi? O‘zligini anglasa, ajdodlaridan faxr etsa, o‘sha tuyg‘u tomirlarda oqayotgan qondagi jasoratu haybatni, g‘ururni uyg‘otsagina, millat uyg‘onadi. Aks holda, mangu gumrohlikka mahkumdir u xalq.

Millat esa g‘urur uyg‘onsagina yuksaladi. Milliy g‘ururi bo‘lmagan kimsa o‘zligidan mosuvo manqurtga aylanadi. Millat bo‘laman, degan, yuksalaman, degan xalq bu yo‘ldan bormaydi. Ayniqsa, qadim moziyida – g‘ururga, sharafga loyiq minglab ajdodlari bo‘lgan xalqning, kimligini unutgani – o‘lgani.

Shoir aytmoqchi,

“Xalq ulkim, o‘zining peshonasida

Yulduzlar borini sezsa, quvonsa!

Xalq ulkim, g‘ururi bo‘lsa o‘zida,

aslga ishonsa, soxtadan tonsa!”

Amir Temur – millatimiz peshonasida yarqiragan ana shunday yulduz. Amir Temur – bizning buyuk ajdodimiz, milliy davlatchiligimiz asoschisi, yetti iqlimni zabt etgan, ongli hayotida adlu ehsonni, adolatu muruvvatni shior qilgan, har qanday daholardan-da dahoroq bobomiz. Ochig‘i, sobiq totalitar tuzum zug‘umi bilan, shunday daho bobosini tahqirlab, “oqsoq”, “qonxo‘r” degan “sifatlar” bilan “siylagan”, shunga majbur bo‘lgan xalq edik biz...

Uni, xotirasi-yu ulug‘ sha’ni bilan qo‘shib, bizga aynan mustaqillik, aynan Islom Karimov qaytardi. Qaytargandayam, ayricha shahd bilan, ixlos bilan, xalqni birlashtirishga sobit ishonch bilan qaytardi. Birinchi Prezidentning bir paytlar faxr bilan aytgan mana bu gaplariga diqqat qiling: “Amir Temur – bizning sha’n-shavkatimiz, g‘urur-iftixorimiz. Amir Temur xalqimiz dahosining timsoli, ma’naviy qudratimiz ramzidir. Amir Temur shaxsini idrok etish – tarixni idrok etish demakdir. Amir Temurni anglash – o‘zligimizni anglash demakdir. Amir Temurni ulug‘lash esa – tarix qa’riga chuqur ildiz otgan tomirlarimizga, madaniyatimizga, qudratimizga asoslanib, buyuk kelajagimizga ishonchimizni mustahkamlash demakdir”.

Buyuk bobomiz xotirasini tiklash yo‘lidagi amaliy harakatlar ham shu gaplarga, shu faxrga vobasta bo‘ldi. Dastlab Toshkent shahri markazida 1993 yilda Amir Temurga suvoriy haykal o‘rnatildi. 1996 yil “Amir Temur yili” deb e’lon qilinishi munosabati bilan bobomiz nomini abadiylashtirish va temuriylar davri madaniyatini keng targ‘ib qilish maqsadida, Amir Temurning 660 yillik yubileyi 1996 yil 21-24-aprel kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida – YUNЕSKO tashabbusi va rahbarligida nishonlandi. Unda Islom Karimov ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

1996 yilning 18 oktyabr kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyi ochildi. Shu kuni Samarqand va Shahrisabz shaharlarida Amir Temur haykallari ochildi.

Jurnalist Amirqul Karim o‘sha suronli yillarni shunday xotirlaydi:

“Adashmasam, 1994 yil edi. Kalta qish kunlarining biri. O‘zAda ishlardim. Tezda sobiq “Kosmonavtlar prospekti” yaqinidagi haykaltaroshlar bazasiga borib turishim lozimligini aytishdi. O‘n minut o‘tar-o‘tmas yetib bordim.

Bu yerda allaqachon rahbarlar, haykaltarosh Ilhom Jabborov hozir bo‘lishgan edi. Shahrisabz va Samarqandga qo‘yilishi lozim bo‘lgan haykallarning gips varianti qad rostlab turar, barcha bu haykallar juda chiroyli chiqqanini ta’kidlab, haykaltaroshni tabriklab turgandilar.

Shu vaqt birdan Prezident mashinasi kirib keib, orqa eshikdan Islom Karimov tushdi va mashina eshigini shunaqa qattiq yopdiki, hamma cho‘chib tushdi. Men haykaltarosh Ilhom Jabborov bilan yonma-yon turgandim. Islom aka shaxdam qadam bilan biz tomon kela boshladi. Rosti, kecha “Prezident huzurida qabul”da biror xato gap yozib yuborgan ekanmanmi, deb o‘ylab yuragim orqaga tortib ketdi. Chunki Islom aka bizga yetishiga 3-4 qadam qolmayoq jahl bilan “Sen nima qilib qo‘yding?!”, deya yaqinlasha boshlagandi. Xayriyat, masofa oz qolganda, Prezident bu savolni menga emas, Ilhom Jabborovga berayotgani oydinlashdi.

Ilhom aka Prezidentning vajohatini ko‘rib shalvirab tushgan:

– Nima qildim, nima qildim?! – deya g‘o‘ldirardi.

– Men  bu xalqning g‘ururini ko‘taraman, deb jon kuydirib yuribmanu, sen o‘rindiqdagi bukchaygan cholni chizib o‘tiribsanmi? – dedilar Islom aka.

Keyin bilsam, Ilhom Jabborov yaratgan haykallarining suratlarini albom qilib Prezidentga yetkazgan ekan. Samarqandga qo‘yiladigan haykalda taxtda o‘tirgan nuroniy Amir Temur qiyofasi  aks ettirilishi lozim bo‘lib, Ilhom aka yaratgan variant – skameykadagi bukik qadli churik chol bo‘lib qolgan ekan. Bundan Islom akaning qattiq jahli chiqib, haykallarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani kelgan ekanlar.

– Sport bilan shug‘ullanganmisan? – dedi Prezident Ilhom Jabborovga.

– Ha, –  dedi bazo‘r haykaltarosh.

– Qani to‘g‘ri turchi, qaddingni tik tut. – Islom Karimov so‘ngra ikki qo‘llarini qirra qilib Ilhom akaning ikki yelkasiga bir tushirdi. Ilhom aka birdan g‘o‘dayib qoldi.

– Amir Temur haykalini mana shunday mag‘rur qilib yarat. Undan xalqimiz g‘urur olishi kerak, tushundingmi?

Ilhom Jabborov “tushundim”, degandek bosh irg‘adi. Shundan so‘ng Islom akaning hovuri bir qadar bosilib, mehr aralash taassuf bilan so‘zladilar:

–       Ilhom, tarixiy kinolar ko‘rganmisan, tarix haqidagi kitoblar o‘qiganmisan?

– Ha, Islom aka, o‘qiganman, ko‘rganman...

– O‘qimabsan. Ko‘rmabsan, –  dedilar Prezident. Agar ko‘rganingda mana bunday yaratmasding haykalni. –  I.Karimov Shahrisabzda o‘rnatiladigan Temurbek haykaliga ishora qildi. Biz – bu haykalda kamchilik ko‘rmaganlar hayrat bilan jim boqib turardik.

– Qilichning ahvolini qara, o‘ng qo‘l tarafga taqib qo‘yibsan. Axir u chap tarafga taqiladi. O‘ng qo‘l bilan olinadi-ku!

Shundagina biz, darhaqiqat, qilich chap tarafda taqilishi haqida o‘yladik.

– Amir Temur o‘z “Tuzuklar”ida: “Men barcha ishni mashvarat bilan hal qildim”, – degan. Sen Temur bobomizning qo‘liga qilichni ushlatib qo‘yibsan. Bu talqining to‘g‘ri emas. Qilichni chap tomonga o‘tkazginda, etaklarini sal ochib qo‘y. Qilich ushlashga hozirlik sezilsin. Ammo qilichni ushlatib qo‘ymagin!

Samarqandda o‘rnatiladigan haykalda o‘rindiq emas, taxt sezilsin. Salobat va g‘urur, nuroniylik, donishmandlik barq ursin, tushundingmi?!.

Keyinchalik har gal shu haykallar oldidan o‘tsam, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti bu haykallarning yaratilishida, ularning xalq sevgan qahramon sifatida elimizning turli qatlamlari qalbida uyg‘otayotgan g‘ururning yuksak bo‘lishi uchun qanchalar jon kuydirgani yodimga keladi”.

Mana bu bitiklar esa marhum olim, Temuriylar tarixi muzeyining sobiq direktori Nozim Habibullayevning – o‘sha yili Parijda o‘tgan yubileyni xotirlab yozgan esdaliklaridan parcha:

“1996 yili Parijda, YUNЕSKO bosh qarorgohida Amir Temur tavalludining 660 yilligi sharafiga ilmiy anjuman va ko‘rgazma o‘tkazildi. Tarixchi olimlarning katta guruhi jamlandi, ular orasida kamina ham bor edi.

Kutilmaganda ko‘rgazmada Fransiya Prezidenti ham ishtirok etishi, 20 daqiqadan keyin tashrif buyurishi haqida shoshilinch xabar kelib qoldi.

Prezident Jak Shirak kelishi bilan Islom Abdug‘aniyevich vaziyatni darhol to‘g‘ri baholab, tashabbusni qo‘lga oldilar va mehmonni ko‘rgazma bo‘ylab shaxsan o‘zlari aylantirib, har bir eksponat haqida batafsil so‘zlab berdilar. U kishi o‘sha tarixiy davr haqida 40 daqiqadan ortiq so‘zladilar. O‘zbekiston Prezidenti tarix borasida bu qadar katta bilim sohibi ekanidan Shirak hayratda qoldi”...

Shundayki, buyuk Sohibqiron bobomiz dahosi va uning abadiyati – mana, mustaqillikning bugungi – 34-yilida ham hammamiz uchun yo‘lchi yulduz, mayoq vazifasini o‘tashda davom etayotir. Tarixiy haqiqatni tiklash, buyuk ajdodlarimiz nomi va shaxsiyatiga munosib ehtirom ko‘rsatish, ularni o‘z nomi bilan eslash ham bizning vorislik burchimizdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mana bu so‘zlari esa fikrimizga yaqqol isbot bo‘la oladi: “Buyuk tarixda hech narsa izsiz ketmaydi. U xalqlarning qonida, tarixiy xotirasida saqlanadi va amaliy ishlarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham u qudratlidir. Tarixiy merosni asrab-avaylash, o‘rganish va avlodlardan avlodlarga qoldirish davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biridir”.

F.Qurbonboyev fotosuratlari