THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni


27.06.2023

Ijtimoiy taraqqiyotning ulkan harakatlantiruvchi kuchi hisoblangan jamoatchilik fikri shakllanishida matbuotning o‘rnini rad etib bo‘lmaydi. Ammo matbuotning ommaviy ongni tashkil etuvchi barcha elementlar, uning turlicha ko‘rinishlari, shuningdek, ijtimoiy amaliyot bilan bevosita aloqada bo‘lishini ham unutmaslik kerak. Aynan, amaliyotda, aholi va alohida olingan odamlarning xatti-harakatlariga ta’sir ma’nosida jurnalistlarning faoliyati kerakli natijani beradi.

Jurnalistikaning vazifasi jamiyatning, insonning manfaat va qiziqishlari, ijtimoiy taraqqiyot maqsadlaridan kelib chiqib, amaliyotga qayta o‘zgartiruvchi, qayta tashkil etuvchi ta’sir ko‘rsatishda namoyon bo‘ladi.

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1993 yil 24 iyunda qabul qilingan farmoni asosida mamlakatimizda 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi.

Shu bois 30 yildan buyon aynan shu kuni Ommaviy Axborot Vositalarining ko‘plab voqelikka teran ko‘z bilan boqib, haqiqat jarchisiga aylangan jonkuyar, qalbi haroratli, fidoyi vakillari turli mukofotlar bilan  taqdirlanadi. Ma’rifiyligi bilan jahon matbuotidan ajralib turgan o‘zbek matbuoti rivojiga  hissa  qo‘shgan faxriylar  yo‘qlanadi.

Ba’zi bir kasblar bo‘ladiki, unga ma’lum bir qatlam murojaat qiladi. Lekin OAVi xodimlarining mehnatlaridan   foydalanmaydiganlarning o‘zi yo‘q. Chunki har kim  televizor tomosha qiladi,  radio eshitadi,  gazeta jurnal varaqlaydi, qolaversa, ijtimoiy tarmoqlardagi blogerlar faoliyatini kuzatib boradi. Demak, yaratuvchanlik va farovonlikni har qadamda ta’min etish uchun zarur bo‘lgan davlat boshqaruvi hamda xalq o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni aynan Ommaviy axborot vositalari xodimlarining mehnatisiz tasavvur etish mushkul.    

Islom Karimov jurnalistikani xalq bilan ommaviy muloqotga kirishadigan qudratli soha sifatida qadrlardi. Jamiyatni sog‘lomlantiruvchi kuch sifatida jurnalistika avvalo xolislik, xaqqoniylik va shaffoflik tamoyillariga asoslanishi kerakligini hamisha ta’kidlardi. 1996 yilda Islom Karimov farmoni bilan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni ta’sis etilgan. Mazkur Davlat mukofotiga sazovor bo‘lganlar orasida sohaning etuk, qalami o‘tkir, ko‘p yillik tajribaga ega xodimlari qatorida, yosh, shijoatli, o‘zining qat’iy so‘zi va pozitsiyasiga ega bo‘lgan ijodkorlar ko‘pchilikni tashkil qilgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga aloqador bo‘lgan qator qonunlar amal qilmoqda. 1997 yil 24 apreldagi “Axborot olish kafolati va erkinliklari to‘g‘risida”gi, 2002 yil 12 dekabrdagi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi, 2006 yil 20 iyuldagi “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi, 2007 yil 15 yanvardagi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi, 2022 yil 7 iyundagi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunlar shular jumlasidandir. Bu qonunlarning har birida jurnalistik faoliyatning huquqiy maqomi belgilab berilgan.   

Jurnalistlarga berilayotgan imkoniyat va imtiyozlar kengayib, ularning oldiga qo‘yilayotgan talab va vazifalarning salmog‘i va qamrovi ham shunga yarasha ortib boryapti. Ularni rag‘batlantiradigan asosiy kuch esa, Davlat rahbarining e’tiboridir. 

Prezident Shavkat Mirziyoevning qalam ahliga nisbatan hurmati va ishonchini quyidagi: «Bir haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz kerak: barchamiz demokratiya deb atalgan buyuk maktabning o‘quvchilarimiz. Bu borada hali ko‘p narsalarni o‘rganishimiz zarur. Farzandlarimizni ayni shu ruhda tarbiyalashda jurnalistika sohasi vakillari, muhtaram faxriylarimiz o‘zlarining boy tajribasi va ibratli fazilatlari bilan alohida namuna ko‘rsatadilar, deb ishonaman», - deya ta’kidlagan so‘zlaridan ham anglash qiyin emas.

  F.Kurbanbaev suratlari