THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

18 may – Xalqaro muzeylar kuni


18.05.2023

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatda muzeylar faoliyatini rivojlantirishga chuqur e’tibor qaratila boshlandi. Ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Ochig‘ini aytganda, o‘sha yillarda mamlakatimiz iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan og‘ir ahvolda edi. Yechimini kutayotgan jiddiy muammolarning, zudlik bilan hal etilishi lozim bo‘lgan masalalarning ko‘pligiga qaramasdan, Islom Karimov poytaxtning markazida Temuriylar tarixi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekadi.

Davlatimiz rahbarining ushbu qarori zamirida milliy o‘zlikni anglash, qadriyatlarga hurmat, ajdodlar xotirasiga ehtirom tuyg‘usi mujassam edi.

Muzeylar davlatlar va xalqlarning turli davrlardagi rivojlanish bosqichlaridan voqif etuvchi tarix, ma’naviyat va san’at xazinasi ekanligini Birinchi Prezident chuqur anglagan.

Ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, xalqimizning ertangi kunga ishonchini orttirish, islohotlarning samaradorligini ta’minlashda eng ta’sirchan vositalardan biri ham muzeylardir.

Ayni paytda, ma’naviy hayotimizning ko‘zgusi bo‘lgan muzeylar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlar izchil, tizimli asosda davom ettirilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohida amalga oshirilayotgan muzeylashtirish ishlari fikrimizning tasdig‘idir.

Hademay muzeyni shakllantirish bilan bog‘liq barcha bosqichdagi ishlar yakunlanib, Birinchi Prezident Islom Karimovning hayoti va faoliyatiga oid ekspozitsiyalarga boy tarixiy-ma’naviy koshona o‘z faoliyatini boshlaydi. Uning eshiklari uzoq-yaqindan tashrif buyuradigan mehmonlar va hamyurtlarimiz uchun ochiladigan kun siyosiy va ijtimoiy hayotimizdagi muhim sana sifatida O‘zbekiston tarixi solnomasidan munosib o‘rin egallaydi.

F.Kurbanbayev fotosuratlari.