THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni


31.05.2022

Butun dunyo bo‘ylab, har yilning 1 iyun kuni “Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” sifatida nishonlanadi. Ushbu bayram ko‘pchilik davlatlarda “Xalqaro bolalar huquqlarini himoya qilish kuni” sifatida ham e’tirof etiladi.

Mamlakatimizda 1992 yil 9 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1989 yil 20 noyabrda qabul qilingan “Bolalar huquqlari to‘g‘risida”gi Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi bolalarning huquqiy va ijtimoiy maqomini shakllantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Ushbu hujjat orqali O‘zbekiston xalqaro konvensiya qoidalari va prinsiplariga rioya etish, bola huquqlarini himoya qilishning milliy qonunchilik tizimini takomillashtirish bo‘yicha majburiyatlarni hamda jahon hamjamiyati oldida javobgarlik masalasini o‘z zimmasiga oldi.

 

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab oila, ona va bola muxofazasiga davlat siyosati darajasidagi masala sifatida yondoshildi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov millat genfondini saqlab qolish onalar salomatligi bilan bevosita bog‘liqligini hamisha ta’kilab kelgan. Uning tashabbusi bilan “Sog‘lom ona-sog‘lom bola” tamoyili asosida sog‘lom bolalarning tug‘ilishi va kamol topishini ta’minlashga qaratilgan qator davlat dasturlari qabul qilingan. 1993 yilda “Sog‘lom avlod uchun” 1 va 2 darajali ordenlari ta’sis etildi. Ayni shunday nom bilan atalgan respublika xayriya jamg‘armasiga ham asos solindi. Yillarning nomlanishida ham, mazkur masalaga ustuvor darajadagi vazifa sifatida yondoshildi. Ona va bola, Yoshlar, Barkamol avlod, Oila kabi nomlar bilan atalgan yillar, ezgu g‘oyaga to‘liq javob beradigan amaliy tadbirlarga boy bo‘ldi.

 

Islom Karimov tashubbusi bilan bolalar sportiga keng yo‘l ochib berildi. Birinchi Prezidentning farmoni asosida qabul qilingan «Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasini tashkil qilish to‘g‘risida»gi  hukumat qarori respublikamizda bolalar sportini rivojlantirishga qaratilgan yo‘nalishda tashlangan eng muhim qadam bo‘ldi. Jamg‘arma Homiylik kengashining raisi vazifasini Islom Abdug‘anievich o‘z zimmasiga oldi.  Qilingan ishlarning adog‘iga etib bo‘lmaydi. “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart”. Birinchi Prezidentimizning mazkur shiori milliy g‘oya zamirida mujassam bo‘lgan bosh maqsadni o‘zida to‘liq namoyon etgan.

 

U kishi aytganidek, farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxtu saodati va farovon kelajagini qurish, dunyoda hech kimdan kam bo‘lmaydigan davlat-O‘zbekistonning poydevorini yanada mustahkamlashda muhim omil sanaladi.

Kurbanbaev suratlari