THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Yekaterinburg shahridagi Yelsin Markaziga tashrif


13.12.2018

Shu kunlarda poytaxtimizdagi «Oqsaroy» qarorgohida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning muzeyini tashkil etishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Davlat rahbarlari nomi bilan bog‘liq muzeylar, markaz va majmualarning asosiy missiyasi buyuk shaxsning va u yashagan davrning tarixiy merosini saqlash va asrab avaylashdir.

Ushbu meros hujjatlar, fotosuratlar arxivi, artefaktlar yig‘indisi bo‘libgina qolmasdan, balki o‘tgan vaqt, o‘tgan davrning ruhini o‘zida mujassam etgan benazir boylikdir.

Tabiiyki bu ma’naviy boylik yangi-yangi ma’lumotlar, faktlar, eksponatlar bilan boyitib boriladi, demakki muzeylarning faoliyati davomiy va doimiy ish jarayoni bo‘lib, mazkur sohada hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish samarali natija berishi o‘z-o‘zidan ayon.

Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi dunyodagi mashhur, mazmun-mohiyati, tarixiy ahamiyati va siyosiy maqomi nuqtai-nazaridan serqirra, boy va betakror majmualar, markazlar, muzeylar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘ymoqda.

Ular qatoridan o‘rin egallagan Yelsin Markazi Yekaterinburgda, Rossiyaning birinchi prezidenti siyosiy yetakchi sifatida shakllangan shaharda joylashgan.

 

Markaz o‘z ko‘lami va mahobati, moddiy va ma’naviy imkoniyatlari jihatidan noyob majmua bo‘lib, madaniy, tarixiy, ijtimoiy va ta’lim sohasidagi turli loyihalarni qamrab olgan.

Markazning tayanch nuqtasi – Boris Yelsin Muzeyidir. Muzey ekspozitsiyasi kimgadir nimanidir uqtirish, isbotlashdan xoli bo‘lgan, barchani muloqotga chorlovchi, xolis faktlar va tarixiy ashyolar to‘plamidan iboratdir.

 

Xizmat safari bilan Yekaterinburgga tashrif buyurgan, Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi xodimlari muzey direktori Dina Sorokina bilan uchrashdilar, Yelsin Markazining bo‘lim rahbarlari, mutaxassislar bilan muloqotda bo‘ldilar.

Muzey fondlari saqlanadigan qavatlardagi sharoitlar, xavfsizlik xizmati, yong‘inga qarshi tizimlarining texnik imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.

 

Ekspozitsiyalarning klassifikatsiyasi va joylashuvi, videokontentlar, videopanellarni tayyorlash, kutubxona ishi hususida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Uchrashuvlar davomida hamkorlikdan ikkala tomon ham birdek manfaatdor ekanligi tasdiqlandi. Zero, mamlakat tarixiga chuqur hurmat bilan qarash, o‘z yurti va xalqiga sodiqlik, fidoyilik bilan xizmat qilgan Davlat rahbarlari, buyuk shaxslarning xotirasini asrab avaylash, o‘zini vatanparvar deb bilganlar uchun ham qarz ham farzdir.

 

Dina Sorokina videomurojaat orqali qimmatli sovg‘alar - «Islom Karimov – Mustaqil O‘zbekiston asoschisi» xotira kitobi, «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasi katalogi hamda «Meros va zamon» jurnali uchun Tatyana Karimovaga chuqur minnatdorlik bildirdi va o‘z navbatida shaxsan Tatyana Akbarovnaga tuhfa sifatida Boris Yelsinga bag‘ishlab nashr etilgan yangi kitoblarni yuborayotganidan mamnunligini aytdi.

 

«Hamkorligimiz yo‘lga qo‘yilganidan behad xursandman, Yelsin Markaziga Sizni lutfan taklif etamiz» - deya so‘zini yakunladi Yelsin Muzeyi direktori. (Video)

 

Farxod Kurbonboyev olgan suratlar