THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

YAGONA MЕZON – XOLISLIK


27.06.2025

Dunyo alg‘ov-dalg‘ov, deymiz. Lekin mundoq o‘ylab qarasak, bu ko‘hna olam qachon bir epaqaga kelib, rasamadi bilan yashagan: tarix – tarix bo‘libdiki, u yoki bu saltanatdagi mardumning boshi “urho-ur”, “surho-sur”dan chiqqani yo‘q. Bugun endi zamonaviy zabonga ag‘darib, turfa “-izm”larga bo‘lib chiqadiganimiz – qadim tamaddunning biror ming, hatto yuz yilligi yo‘qki, odam zotining ishtiyoqi, zavqi, qiziqishi, nafsi o‘zgargan bo‘lsa: o‘sha-o‘sha manfaat, o‘sha-o‘sha hashamatga tiyiqsiz o‘chlik, o‘sha-o‘sha hoyu havaslar.
Lekin har qanday zamon, har qanday makon, istalgan davr odamlarining bitta ehtiyoji o‘zgarishsiz qolgan. Uyam bo‘lsa – axborot va unga ega bo‘lish, boshqacha aytganda, ogoh bo‘lib turish istagi. Ko‘chama-ko‘cha ot minib, baqirib yurilgan jarchi zamonida deysizmi, ilk bor gazeta paydo bo‘lgan davrdami va yoxud yuzlab odam mixlangandek karnayga quloq tutgan – radio zamonidan boshlab, bugun texnika vositasi deganlari qahat bo‘lmay qolgan internet zamonidami, qay asrda bo‘lishidan qat’iy nazar, inson zoti – axborotga, atrof-javonibida sodir bo‘layotgan voqealar haqidagi xabarga tashna kelgan. Ovqat yemasa, yemasin, maishat qilmasa, qilmasin, lekin bexabar qolmasligi kerak.
Navoiy hazratlari ham barcha makonu zamonlarning bu o‘zgarmas qoidasini g‘azalga tizib, bejizga: “Erursan shoh, agar ogohsan sen, Agar ogohsan sen, shoh san sen” demagan. Ommaning bu ehtiyojini o‘z manfaati yo‘lida ishlatib, turfa “mag‘zava”larni quloqqa, ongga quygan mustabidlar-u, “Dunyoni axborot boshqaradi” degan ta’limotni asos qilib olib, olam afkor ommasini barmog‘ida o‘ynatishga ishqiboz korchalonlarning yo‘rig‘i bo‘lak...
Ana endi bu axborot deganini ommaga kim yetkazadi, uning mezoni-yu, o‘lchovi qanday bo‘lmog‘i kerak, degan savollar ham tabiiy. Ular – bir so‘z bilan ifoda qilinishi kerak bo‘lsa – jurnalistlar, mezonning nomi esa – xolislik. Boshqa har qanday ta’rif ortiqcha.
Chin jurnalist – inson va jamiyat xayoti haqiqatlarini aniqlashga, uning asrorlarini o‘rganishga, pirovardida, jamiyat taraqqiyotini ta’minlashga harakat qiladi, shunga xizmat qiladi. Har qanday axborotning haqqoniyligi, xolisligi mezonlari esa shu qadar murakkabki, u yoq-bu yog‘i yo‘q. Bu bamisli qil ustida yurmoqdek gap. Lekin yurishga majbursan, shunga mahkumsan.
Xo‘sh, jurnalist kim? Bir hamkasbimiz aytganidek, dunyoni suv bossa-da, bir kishilik qayiqda o‘tirib maqola yozadigan, o‘rmonga o‘t ketsa ham, yaqiniga borib, suvratga olishga intiladigan, hammani iniga qamagan yuqumli o‘lat tarqalsayam, bitta niqobni taqvolib, material tayyorlash uchun xastalar yotgan shifoxonaga tavakkal kirib ketadigan, urush bo‘lsa, kaska kiyib otishma joyidan reportaj tayyorlaydigan odam u. Fidoyi deyishning o‘zi kamlik qiladi unga nisbatan...
Ana endi o‘zimizga bir savol beraylik: shunday odamlar, shunday noyob kasb egalari – o‘sha o‘zi jonini xatarga qo‘yib, ogoh etgan, xabardor qilgan jamiyat vakillari tomonidan yilda bir borgina e’zozlanishga, e’tirof etilishga arzimabdimi? Siyqasi chiqqan, demasangiz, bir ta’rifni ishlatamizki, chin vatanparvar degani shular emasmi asli. Axir shular emasmi – bir og‘iz e’tirof, bir og‘iz lutfu shirin so‘zga – dunyolarni o‘ngarib kelishga tayyor odamlar...

Buni, bu haqiqatni O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov mustaqillikning ilk yillaridanoq anglab yetgan edi. Anglash barobarida harakatini ham shunga moslagan ediki, 1993 yil 24 iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Farmonni qabul qilib, jurnalist xalqini yilning bir kunida rasman bayram qilishiga imkon berdi. Keyinroq, 1996 yil 26 aprelda Islom Karimov tashabbusi va uning o‘zi imzo chekkan Qonun bilan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni ta’sis etilib, o‘nlab qalam ahli, sohaning tajribali vakillari qatorida, yosh, shijoatli, qat’iy so‘zi va yo‘liga ega ijodkorlar shunday davlat mukofotiga sazovor bo‘lishdi. 1997 yil “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, 2007 yil “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonun hamda qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. O‘sha yili faol va fidoyi jurnalistlarni rag‘batlantirish maqsadida “Oltin qalam” milliy mukofoti ta’sis etildi.
Davlat va hukumat darajasidagi e’tibor bugungi yangi O‘zbekiston sharoitida ham yangi va zamonaviy ko‘rinishlarda birdek amaliy namoyon bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Bugungi kunda matbuot ishi, jurnalistlar faoliyati nafaqat “to‘rtinchi hokimiyat”, balki mudofaa, xavfsizlik kabi hal qiluvchi sohaga aylanib bormoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishda aynan sizlardek jasur va dovyurak, Vatanni chin dildan sevadigan, o‘z kasbiga sodiq va fidoyi insonlar tobora ko‘proq bo‘lishini taqozo etmoqda”.

Shu o‘rinda bugungi bayram sanasi uchun asos qilib olingan voqelik, ya’ni 1906 yil 27 iyun kuni chop etilgan Turkiston o‘lkasidagi ilk milliy o‘zbek matbuoti – “Taraqqiy” gazetasining shiorini eslab o‘tmoqchi edik: “Najot: maslakda sabot, to‘g‘rilikda ijobat”. Maslagimizda sobit tursak, niyatlar ijobatini – to‘g‘rilikdan, xolislikdan qidirsak, hammasi yaxshi bo‘ladi.
Bayram muborak!

Komiljon SHAMSIDDINOV,
jurnalist, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi
 
Fotosuratlar muallifi – Farhod QURBONBOYEV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist