THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

XOTIRA – ABADIY, QADR – MUQADDAS


14.09.2026

Ma’lumki, Islom Karimov vafot etgan sana – 2-sentyabr har yili Birinchi Prezident Xotira kuni sifatida yod etilib, mamlakat miqyosida, jumladan, Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida turli tadbirlar va marosimlar tashkil etiladi. Bu yilgi tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi davlat Mustaqilligining qutlug‘ 35-yilligi bayrami bilan uyg‘unlashib ketdi.

Islom Karimov xonadonida, uning ruhi pokiga atab qilingan duoi fotihalar bilan boshlangan tadbirlar yodgorlik majmuasidagi – mustaqillik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan bayram tadbiriga ulanib ketdi. Tadbirda chiqish qilgan majmua Vasiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova 35-yil oldingi o‘sha hayajonli, mushkulot va sharaflarga to‘la yillarni xotirladi. Shu kuni majmua xodimlaridan bir guruhiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farmoni bilan ta’sis etilgan “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi” esdalik nishoni topshirildi.

2-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gulchambar qo‘ydi. Marosimda Qur’on tilovat qilinib, duo o‘qildi. Islom Karimovning mamlakatimiz mustaqilligi, tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalq farovonligini yuksaltirish yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi. Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar vakillari, ziyolilar va Toshkent shahri jamoatchiligi ham Birinchi Prezidentimiz haykali poyiga gullar qo‘ydi.

Shu kuni xotira tadbirlari Samarqand va Qarshi shaharlarida ham bo‘lib o‘tdi. Qolaversa, Rossiya poytaxti Moskva shahridagi Islom Karimov nomidagi maydonga O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi va Migratsiya agentligi vakolatxonasi xodimlari, shuningdek, elchixonada amaliyot o‘tayotgan talabalar Birinchi Prezident haykali poyiga gullar qo‘yib, uning xotirasini yod etdilar.

Bevosita yodgorlik majmuasining o‘zida ham xotira marosimi tashkil etilib, jamoaning ishchi va xizmatchilari Oqsaroy qarorgohidagi Islom Karimov haykali poyiga gulchambar qo‘yishdi.

“Xotira haftaligi” tadbirlari arafasida esa majmua tomonidan nashr etiladigan “Meros va hozirgi zamon” (“Naslediye i sovremennost”, “Heritage and modernity”) axborot byulletenining yangi – Istiqlolimizning o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan soni bosmadan chiqdi. Unda odatdagidek, Islom Karimov hayoti va faoliyati haqidagi esdaliklar, O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar va tabiiyki, majmua tomonidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli faoliyat to‘g‘risidagi axborotlar o‘rin olgan.

Va nihoyat, xotira tadbirlarining mantiqiy yakuni sifatida, uning rejasidan o‘rin olgan yana bir voqelik haqida alohida to‘xtalib o‘tmoq kerak. 18-sentyabr kuni Farg‘ona shahrida “Islom Karimov o‘qishlari. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston madaniyati: tarixiy meros va madaniy yuksalish” deb nomlangan Respublika ilmiy anjumani o‘tkaziladi. Unda poytaxt hamda mamlakatimizning turli viloyatlaridagi fan va oliy ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan olimlar, shuningdek, davlat va jamoat arboblari, Islom Karimovni yaqindan bilgan safdoshlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Tadbir tafsilotlari to‘g‘risida alohida xabar beramiz.