THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

XOLISLIK VA QONUN USTUVORLIGI – BOSH MEZON


26.06.2026

Solnomanavislar har bir asrning odamzot uchun alohida o‘rni, o‘zidan oldingisini takrorlamaydigan ahamiyati borligini ko‘p ta’kidlagan: qadim Chin-Mochinliklarning qog‘ozni kashf etishidan boshlangan madaniyat olmoniyalik muhandis Guttenbergning bosma dastgoh yaratguniga qadar, taraqqiyot deganimiz ming bor takomillashib, zamonlar chig‘irig‘ida elandi. Va nihoyat, biz nafas olayotgan davr – XXI asr , bugun “axborot” so‘zi bilan yonma-yon ishlatilmoqda.

Shitob bilan rivojlanib borayotgan texnika va texnologiyalar tizimi inson tafakkurining sarhad bilmas ekani hosilasida, zamonaviy dunyoda axborot haqiqiy kuchga, jamiyatni, iqtisodiyotni va siyosatni boshqaruvchi asosiy omilga aylandi. Axborot asri bu. Bundan ming yil avvalgi urush kayfiyatida yurgan hukmdorlar zirhlangan suvoriylari, kamonu o‘q-yoyi, ko‘zi qonga to‘lgan jangari fillari bilan raqibini sarosimaga solganini bilamiz. YAqin-yaqingacha esa davlatlar bir-biriga do‘q urganda, qurolli kuchlarini, harbiy salohiyatini ko‘z-ko‘z qilib, ogohlantirib qo‘yishardi. Bugungi kurashlarda qurol degani o‘zgarib, axborot – asosiy kurash vositasiga aylandi.

O‘sha axborotni, bugun dunyodagi qurollardan-da kuchliroq misli ko‘rilmagan qurolni tarqatuvchilar, ommaga etkazuvchilar esa, avvalo, matbuot vakillari, jurnalistlar bo‘lishadi.

Shu o‘rinda bitta ayon haqiqatni ham alohida ta’kidlamoq o‘rinli bo‘larki, axborot urushlari aro birlamchi mezon bo‘lmog‘i tayin bo‘lgan – milliy manfaatni ham aynan – shu el, shu yurt, shu millat taqdiri uchun kuyingan tom ma’nodagi milliy jurnalistika himoya qila oladi. Bizning holatimizda esa – o‘zbek milliy jurnalistikasi. Jadid bobomiz Hoji Muin ta’biri bilan aytganda, “Matbuot tarixi – Uyg‘onish davri tarixining bir bo‘lagi” o‘laroq, o‘tgan asr boshidan bugungacha atak-chechak qilib rivojlanib kelayotgan milliy jurnalistikamiz ayniqsa, mustaqillik yillarida ayricha e’tiborga tushdi.

Birinchi Prezident Islom Karimovning 1993 yil 24 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, Turkiston o‘lkasidagi ilk milliy o‘zbek matbuoti – “Taraqqiy” gazetasi ilk bor chop etilgan 27 iyun sanasi bayram qilib kelinmoqda. 1996 yil 26 aprelda Islom Karimov tashabbusi va uning o‘zi imzo chekkan Qonun bilan “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoni ta’sis etildi, 1997 yil 24 aprelda “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, 2007 yil yanvarda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi va boshqa qonun hamda qonunchilik hujjatlari qabul qilindi. O‘sha yili faol va fidoyi jurnalistlarni rag‘batlantirish maqsadida “Oltin qalam” milliy mukofoti ta’sis etildi.

Tan olaylik, e’tibor ham, rag‘bat ham, ijodiy hosila ham o‘z davriga xos-u mos bo‘ldi. Birinchi Prezidentning o‘zi ham jurnalistlarni g‘oyat qadrlar, ular bilan tez-tez muloqot qilib, fikrlariga quloq tutar, lozim bo‘lganda, g‘amxo‘rlikni ham o‘rniga qo‘yar edi. U jurnalistikani – xalq bilan muloqotga kirishadigan qudratli soha sifatida qadrlardi. Milliy va xorijiy OAV vakillari bilan tez-tez uchrashib, voqealarni xolislik bilan yoritish, mafkuraviy kurash avj olgan pallalarda aholini, ayniqsa, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan saqlash borasida jurnalistlar oldida turgan vazifalar hususida qarashlarini bayon qilardi. Qalam ahlining kasb bayramida esa, “El-yurt manfaati, adolat va ezgulik yo‘lida hamisha o‘zini ayamasdan mehnat qiladigan siz, aziz jurnalistlarni men doimo qo‘llab-quvvatlashga, har tomonlama yordam va ko‘mak berishga tayyor ekanimni, sizlarni o‘zimning eng yaqin hamfikr va maslakdoshlarim deb bilaman”, deya alohida tabrik yo‘llashni kanda qilmasdi.

Milliy jurnalistikaning mamlakat taraqqiyoti yo‘lidagi ahamiyati, o‘rni va nufuzi bugungi kunda ham ortsa, ortdiki, sira pasaygani yo‘q. Aksincha, bugungi berilgan erkinlik huquqi – ommaviy axborot axborot vositalari oldida ham, zamonning mahsuli bo‘lgan blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar oldiga ham imkoniyat baravarida, mas’uliyat hissini karrasiga oshirmoqda. Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, “Sun’iy intellekt texnologiyalarining shiddat bilan rivojlanayotgani jurnalistika uchun katta imkoniyatlar ochish bilan birga, bu boradagi ishlarimizni zamon talablariga mos holda yo‘lga qo‘yishni talab etmoqda. Ayni vaqtda ommaviy axborot vositalarida xolislik va qonun ustuvorligini ta’minlash, professional bilim va mahoratni oshirib borish, axborot tarqatishning zamonaviy usullarini o‘zlashtirish, aholi o‘rtasida axborot, bahs va muloqot madaniyatini shakllashtirish, jamiyatimizdagi turli illatlar, korrupsiya balosiga qarshi kurashish kabi dolzarb vazifalar bo‘yicha hali ko‘p ish qilishimiz zarur”.

Xullas, zamon nechog‘li murakkab va notinch bo‘la bormasin, tarixlar qay bir o‘zanga evrilmasin, shundog‘am noni qattiq bo‘lgan jurnalistikaning, chin, asl jurnalistikaning bosh mezoni bos-boyagidek – xolislik va qonun ustuvorligi bo‘lib qolaveradi.

Bayramingiz muborak bo‘lsin, qadrli hamkasblar!

F.Qurbonboev olgan fotosuratlar