Respublikada davom etayotgan “Yongʼin xavfsizligi oyligi” doirasida Islom Karimov nomidagi ilmiy-maʼrifiy majmua xodimlari bilan navbatdagi koʼrgazmali mashgʼulot oʼtkazildi. Bevosita Majmua xududida boʼlib oʼtgan tadbirga yongʼinga qarshi kurash xizmati mutaxassislari tomonidan zamonaviy texnik vositalar bilan jixozlangan oʼt oʼchirish mashinasi ham keltirildi.
Bu galgi tadbirning eʼtiborli jixati shundaki, yigʼilganlarga yongʼinning kelib chiqish sabablari, uning oldini olish, bartaraf etish choralariga oid barcha maʼlumotlar bevosita koʼrgazmali vositalar yordamida, sodda va ravon tilda tushuntirildi.
Shu bilan bir qatorda Majmua hududi va binolarning ichkarisiga oʼrnatilgan yongʼinga qarshi texnik vositalardan foydalanish boʼyicha ham tegishli maʼlumot berildi. Mazkur tadbir koʼplab savollarga oydinlik kiritish nuqtai-nazaridan samarali natija berishiga ishonchimiz komil.
Majmua xodimlarining Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq oʼtkazilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etayotganini alohida taʼkidlamoq lozim. Zero har qanday xatarni bartaraf etishdan koʼra vaqtida uning oldini olish zarurligi oʼz oʼzidan ayondir.
F.Qurbanbaev suratlari