THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

1-oktabr – Ustoz va murabbiylar kuni


03.10.2019

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 1996 yil 9-yanvardagi Farmoni bilan mamlakatimizda 1-oktabr «O‘qituvchilar va murabbiylar kuni» deb belgilangan.

 

Jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati esa ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shu sababli mamlakatimizda o‘qituvchi va murabbiylarning obro‘-e’tiborini yanada oshirish, yoshlarimizning bizdan ko‘ra bilimli, kuchli va albatta baxtli bo‘lishlari uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda.

Har bir inson, qayerda ishlamasin, qanday kasb egasi bo‘lmasin, unga bilim va tarbiya berib, mustaqil hayotga yo‘llagan insonni hurmat bilan esga oladi. 

Mazkur bayram o‘qituvchilar va murabbiylar mehnatini sharaflash ayyomidir. Shu kuni o‘quv yurtlarida o‘qituvchilar, korxonalarda esa murabbiylar va ustozlar mehnati ulug‘lanadi.

 

Murabbiylar ham xuddi o‘qituvchilar singari katta mahorat va hayot tajribasiga ega bo‘lgan ustoz-pedagoglardir. Mohir murabbiylar qo‘l ostida ko‘plab ishlab chiqarish ustalari, ilg‘or mutaxassislar, mehnat qahramonlari, tadbirkorlar yetishib chiqadi.

30 sentabr kuni O‘zbek milliy akademik drama teatrida bo‘lib o‘tgan bayram tadbirida ustoz murabbiylarga ehtirom ko‘rsatildi. Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti tomonidan tashkil etilgan kechada Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi xodimlari ham ishtirok etdilar.

Birinchi Prezidentimizning yordamchisi bo‘lib ishlagan, yodgorlik majmuasi yetakchi ilmiy xodimi Georgiy Kraynov o‘z so‘zida Islom Karimovning mamlakat ta’lim tizimini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi, yosh avlodning kamol topishi yo‘lida ko‘rsatgan jonkuyarligi haqida alohida to‘xtaldi.

 

Texnika universiteti kutubxonasiga Islom Karimov hayoti va faoliyati to‘g‘risidagi kitob-albomlar esdalik sifatida hadya etildi.

Tadbir davomida uzoq yillardan beri samarali mehnat qilayotgan professor-o‘qituvchilar, ustozlar faxriy yorliqlar, qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Tantanali marosimdan keyin O‘zbek milliy akademik drama teatri jamoasi tomonidan sahnalashtirilgan “Kuzgi maktublar" spektakli namoyish etildi.