THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

UNUTILMAS UCHRASHUVLAR


18.05.2026

Geologiya fanlari universiteti talabasi Zohirbek Toshbadalov asli samarqandlik bo‘lib, O‘zbekistonning yangi tarixiga g’oyat qiziqadi. O‘z tarixini chuqur o‘rganmasdan, muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi, deya hisoblaydi u. Zero, Islom Karimov ta’kidlaganidek, “O‘zining tarixi bilan faxrlanmagan xalq kelajagini ham qura olmaydi”. Mustaqillikka erishganimiz, qolaversa, Yangi O‘zbekistondagi jadal o‘zgarishlar asoslarini bevosita o‘rganish – eng yangi tariximizning uzviy bir qismi. Yigitning Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga murojaat qilishiga, so‘ngroq kechgan samimiy uchrashuvga ham ayni qiziqish sabab bo‘ldi.

– Siz bilan uchrashishni orzu qilardim, – yosh mehmon majmua Vasiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezident rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimova bilan suhbatdagi gapini shunday boshladi.

Uchrashuvning yana bir ishtirokchisi – Milliy gvardiya ofiseri Dauilbay Qurbonboev. Hozirda u Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasida xizmat qilmoqda. Bu norg’ul o‘g’lon jasorat va shijoat talab qiladigan kasblardan birini tanlagan bo‘lsa-da, qalban she’riyat va nafosatga begona emas ekan. Muloqot davomida u o‘zining Birinchi Prezidentga bag’ishlangan she’rini o‘qib berdi.

Tatyana Akbarovna o‘z xotiralarini hikoya qilish asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Farmoniga muvofiq Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish va merosini har tomonlama o‘rganish maqsadida tashkil etilgan majmua faoliyati haqida so‘zlab berdi.

Uchrashuv yakunida yoshlarga “Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi” kitob-albomi sovg’a qilindi.

T.Qurbonboev fotosuratlari