THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Unutilmas lahzalar


15.03.2018

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida joylashgan «Butun olamni jo etgan yurak» ko‘rgazmasiga har kuni yuzlab hamyurtlarimiz tashrif buyurmoqdalar. Turli yoshdagi hamda turli kasb egalaridan iborat mehmonlar bu yerda Islom Abdug‘aniyevichning hayoti va serqirra faoliyati, bu buyuk shaxsning ichki dunyosini ochib beruvchi yangi ma’lumotlarga, demakki yangi taassurotlarga ega bo‘ladilar.

Shu kunlarda O‘sh shahridan poytaxtimiz Toshkentga ekskursiyaga kelgan bir guruh bolalar ko‘rgazmaga tashrif buyurdilar.

Mehmonlar bu yerda Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimovani uchratib qolishlari ular uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. Nafaqat bolalar, umuman ko‘rgazma zalidagi odamlar, quvonchlarini yashira olmay Opani darrov davraga oldilar. Islom ota haqida, u bilan uzoq yillar yelkama-elka turib, hayotning quvonchu tashvishlarini birgalikda baham ko‘rgan, oddiy inson sifatida u kishini yaqindan bilgan umr yo‘ldoshi bilan hamsuhbat bo‘lish imkoniyati har kimga ham nasib qilavermaydi.

Savol-javoblarning keti uzilmadi. Tatyana Akbarovna yig‘ilganlarning har biri bilan onalarcha, opalarcha mehr bilan, huddi eski tanishlardek samimiy, dildan suhbatlashdi.

Ko‘rgazma uchun «Butun olamni jo etgan yurak» nomi mantiqan juda to‘g‘ri tanlangani mana shunday damlarda o‘z tasdig‘ini toparkan. Zero, millionlab odamlarning yuragiga jo bo‘lgan insonning qalbi butun olamni qamrab olishga qodirdir.