THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

TORONTODAN XABAR BERISHADI


02.02.2026

Har yili 30 yanvar kuni Kanada davlatidagi o‘zbek jamoatchiligi vakillari O‘zbekiston mustaqilligi va rivojlanishiga beqiyos hissa qo’shgan buyuk davlat arbobi xotirasiga hurmat bajo keltirishadi.

Kanadaning Toronto shahrida o‘tgan bu galgi tadbir ishtirokchilariga Birinchi Prezident rafiqasi Tatyana Karimova tabrik yo‘lladi. Tatyana Akbarovna, o‘z tabrigida jumladan, Kanada O‘zbek vatandoshlar jamiyati rahbari Nodira Yo‘ldoshevaga – milliy qadriyatlarni, vatandan olisda bo’lsa-da, sharaf bilan asrab-avaylab, rivojlantirib kelayotgani, fidoyiligi uchun minnatdorlik bildirdi.

– Bu erda, Kanadada vatandoshlarimiz, o‘zbeklar bilan diydorlashish, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti, mamlakatni mustaqillikka olib chiqqan va chorak asrdan ziyod davr mobaynida boshqargan Islom Abdug‘anievich Karimovni shaxsan tanigan insonlar bilan uchrashish imkoniga ega bo’lganimizdan juda mamnunmiz, - deya qayd etdi Nodira Yo‘ldosheva.

Kanadaning sobiq multikulturalizm va fuqarolik ishlari vaziri Toni Rupprext – kechaning xos mehmoni bo‘ldi. Shuni aytish kerakki, u o’tgan yillar davomida O‘zbekistonda bo’lib, Tatyana Karimova bilan shaxsak uchrashgan, Islom Karimov majmuasi faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi.

– Islom Karimov butun umrini O‘zbekiston taraqqiyoti va uning xalqaro maydonda hurmat-e’tibor qozonishiga bag‘ishladi. Uning ilk rahbarlik yillarida mamlakatda deyarli hech narsa yo’q edi. 1991 yil 1 sentyabrda mustaqillikka erishganidan so’ng O‘zbekiston uning etakchiligida olamshumul natijalarni qo‘lga kiritdi. Birinchidan, u mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlab qoldi. Ikkinchidan, odamlarga munosib hayot kechirish va o’z mamlakati bilan faxrlanish imkonini beradigan iqtisodiyot asoslarini yaratdi, – deya ta’kidladi Toni Ruprext.

Tadbirda yana bir mehmon – Mark Golverg ham so‘zga chiqib, o‘zi shaxsan tanigan Islom Karimov haqidagi iliq xotiralari bilan o’rtoqlashdi, uning donishmandligi mamlakat va xalq taqdirida nechog’li ijobiy aks etganini yuqori baholadi.

Ummon ortida bo’lib o’tgan bu uchrashuvni – tarixga hurmat, birdamlik, bag‘rikenglik kabi tushunchalar – masofa, vaqt va chegara tanlamasligining yana bir isboti, deyish mumkin.