THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

TINCHLIK VA BARQARORLIK POSBONI


12.01.2024

«Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash eng ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi»
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Yurtimizda Vatan himoyasi kabi ulug‘vor ishga o‘zini bag‘ishlagan harbiylarimiz katta hurmat va e’zoz bilan qadrlanib, har yili “14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni” katta bayram va shodiyona bilan o‘tkaziladi.
Ma’lumki, mustaqilligimizning ilk yillaridanoq mamlakatimiz mudofaasini kuchaytirish masalasi davlatimiz siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olindi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 1991 yil 6 sentyabrdagi Mudofaa ishlari vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi Farmon imzolandi.
1992 yil 14 yanvar kuni esa mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim kun sifatida tarixga muxrlandi.
Respublika Oliy Kengashining “O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida”gi qonuni bilan mamlakatimiz hududidagi barcha harbiy tuzilmalar mustaqil O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazildi. Davlatimiz rahbari tashabbusiga asosan qabul qilingan mazkur hujjat armiyamizni isloh qilishning uzoq muddatli dasturi ishlab chiqilishiga yo‘l ochdi.
1993 yilning 29 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov O‘zbekiston Respublikasi Vatan himoyachilari kunini belgilash to‘g‘risida Qonunni imzoladi. Mazkur Qonunga ko‘ra “14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni” deb belgilandi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan olijanob g‘oya va amaliy harakat barcha bo‘g‘indagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyatini, keng jamoatchilik hayotini qamrab olmoqda. Bu esa Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan yaqqol dalolat beradi”, deb aytgan gaplarida ham Qurolli Kuchlarimizning xalq bilan har qachongidan ham yaqinligini anglashimiz mumkin.


O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohatlar tufayli yurtimiz xavfsizligini, sarhadlarimiz dahlsizligini ishonchli himoya qilishga, xalqimizning tinch va osuda hayotiga qarshi qaratilgan har qanday g‘arazli urinishlarning oldini olishga qodir bo‘lgan, ixcham, tezkor, tashkiliy jihatdan mukammal, zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlangan milliy armiyamiz shakllantirildi.
Ona yurtimiz har doim o‘zining mard, jasur yigitlari bilan faxrlanib kelgan. Yigitlarimiz ota-ona va oilasini, o‘zi yashayotgan yurt tuprog‘ini muqaddas bilib, Vatan himoyasi uchun doimo shay turishni burch deb hisoblagan. Ushbu bayramning nishonlanishi xalqimizning o‘z milliy armiyasiga nisbatan cheksiz hurmatini, alp yigitlariga nisbatan iftixorini bildiradi.
O‘zbekiston armiyasi tinchlik va osoyishtaligimiz kafolatidir. Bayramingiz muborak bo‘lsin aziz Vatan himoyachilari, yurt posbonlari!