Til – inson ma’naviy qiyofasi va ichki go‘zalligini namoyon etadigan benazir ko‘zgu, u – millatning ruhi, ko‘zgusi, u – davlatning timsoli, mulki. Va nihoyat, til – ona allasi bilan vujud-vujudimizga jo bo‘lgan, mustahkam o‘rnashgan – ongu shuurimizning bir parchasi. Shuning uchun “ona tili” deymiz. Tilni asrab-avaylash orqali millat yuksaladi. Aksincha, til yo‘qolsa, millat yo‘qlikka mahkum bo‘ladi, tugab-bitadi, o‘zlik yo‘qoladi. Ulug‘ shoir bejizga “Sen yo‘qolgan kuning, shubhasiz, men ham to‘ti bo‘lib qolaman!” deb yozmagan...
Ana endi dunyodagi tillar masalasiga kelsak, YUNЕSKO ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda dunyoda qariyb 7 mingga yaqin til mavjud, lekin ulardan faqat 200 ga yaqinigina davlat tili maqomiga, nufuziga ega. Shular qatorida – jahon miqyosida 50 milliondan ortiq kishi so‘zlashib kelayotgan go‘zal va jozibali til – o‘zbek tilining ham borligi biz uchun g‘urur.
Vatanimiz mustaqilligining asosi, poydevori ham aynan milliy tilga yuksak maqom berilgan onlardan boshlab qo‘yilgan, desak, xato qilmagan bo‘lamiz. Aynan mustaqillik ostonasida Birinchi Prezident Islom Karimov tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi ostida davlat tiliga huquqiy maqom berish masalasi kun tartibiga qo‘yildi va 1989 yil 21 oktyabr kuni “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
O‘zbekiston hali Sho‘rolar Ittifoqi tarkibida bo‘lgan, milliy madaniyat va ma’naviyatni, til mavzularini ko‘tarish millatchilik deya baho berilgan bir paytda bunday qarorning qabul qilinishi tom ma’noda jasorat edi. Aynan Islom Karimovning siyosiy irodasi, shijoati va qat’iyati tufayli tariximiz, qadriyatlarimiz tiklanishida, milliy o‘zlikni chuqur anglashda muhim omil bo‘lgan mazkur loyiha amalga oshirildi.
Keyin-keyin, mustaqil davlatchilikning barcha bosqichlari, ya’ni islohotlar o‘tkazish, milliy qonunchilik va mafkura masalalarini yo‘lga qo‘yish, izchil va qat’iy ichki hamda tashqi siyosatni yuritish kabi masalalarning har birida – aynan milliy til va uning qadri masalasi alohida o‘rin tutib, bevosita va bilvosita asosiy mezonlardan biri bo‘lib turdi.
Davlat tili haqidagi qonunning qabul qilinishi qanchalik muhim bo‘lgan bo‘lsa, 2016 yilning 13 mayida Birinchi Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi farmon ham XXI asr o‘zbek xalqi madaniy hayotida olamshumul ahamiyatga ega bo‘ldi.
Til masalasi, uning milliy davlatchilik va suverenitetdagi tengsiz o‘rniga bugungi kunda ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qarab kelinayotgani inkor etib bo‘lmas haqiqatdir. Chunonchi, 2019 yil 4 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinganining 30 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining 2020 yil 10 apreldagi Qonuniga asosan 21 oktyabr mamlakatimizda – O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
Darhaqiqat, Yangi O‘zbekiston poydevori yaratilayotgan ayni shiddatli davrda amalga oshirilayotgan islohotlarning rivojini ta’minlash bilan bir qatorda, xalqimiz tafakkurining bebaho xazinasi bo‘lmish o‘zbek tilini asrab-avaylash va rivojlantirish – bugungi eng sharafli vazifalardan biriga aylangani rost.
Zero, davlatimiz rahbari Sh.Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, “Xalqimizni yuksak ma’rifatli jamiyat barpo etishdek ezgu maqsad yo‘lida jipslashtirish, yurtdoshlarimiz qalbiga yagona Vatan, umumiy farovon kelajak tuyg‘usini singdirishda o‘zbek tili birlashtiruvchi ahamiyatga egadir”.
F.Qurbonboyev fotosuratlari