Bu yil O‘zbekistonning turli hududlari vakillaridan iborat 12 nafar yigit-qizlarimiz Islom Karimov Fondining ta’lim grantlari sovrindorlari bo‘ldilar.
Ular magistratura dasturi bo‘yicha dunyoning nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ikki yil davomida tahsil olishadi.
10 iyun kuni bo‘lg‘usi magistrlardan bir guruhi Yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova bilan uchrashdilar.
«Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasi zalida bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Tatyana Akbarovna yoshlarni samimiy muborakbod etdi. Xorijda egallangan zamonaviy bilim va tajribalar, kelgusida albatta, Vatan taraqqiyoti, yurt obodligiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tish joiz, 2017 yilda 11 nafar yigit-qizlar Islom Karimov Fondi ta’lim grantlariga ega bo‘lganlar. Ayni paytda hamyurtlarimiz Italiyadagi Turin politexnika universiteti, Rossiyadagi Moskva arxitektura maktabi «MARSh» hamda Germaniyaning Frayburg, Xoxenxaym, Anxalt, Rur, Duysburg-Essen universitetlarida ta’lim olmoqdalar.