"Butun olamni jo qilgan yurak". O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavallud topgan kunning 80 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rgazmaning bunday nomlanishida chuqur falsafiy ma’no bor. Uni har kim o‘z nuktai-nazaridan turlicha talqin qilishi mumkin.
Xuddi shunday, mazkur ko‘rgazmani tomosha qilganlarning kayfiyati, ruhiy kechinmalari ham turlicha. Ko‘p guvoh bo‘lganmiz, ko‘rgazma zallariga kirishdan avval Islom Karimov to‘g‘risida birmuncha tasavvurga ega bo‘lgan odamlar bu buyuk insonning yaqin do‘stlari, qarindosh-urug‘lari bilan, turmush o‘rtog‘i va farzandlari, nabiralari davrasida tushgan suratlardagi qiyofasini ko‘rib har xil xulosaga keladilar. Ba’zilar, o‘zimizga o‘xshagan oddiy, soddagina odam ekan desa, bularni ataylab xalqqa ko‘rsatish uchun tashkil qilib suratga olishgan deganlar ham bo‘lgan. Bolalik, o‘smirlik va yoshlik davridagi suratlarni tomosha qilganlarning aksariyati esa, “Shuning uchun ham bizlarning, oddiy odamlarning dardini va quvonchini tushunar ekanlarda” degan xulosaga keladi.
Darhaqiqat, Islom Abdug‘aniyevichning yuragi xalq qayg‘usi va mehru-muhabbati ila limmo-lim to‘lgan edi. Tom ma’noda, butun olamni jo qilgan yurak, edi.
Shu bois ham, o‘z yurti va xalqining fidoyi farzandi, bag‘rikeng inson, odil yetakchi, buyuk shaxsning nomi bilan bog‘liq qadamjolar qatorida «Oqsaroy» qarorgohidagi ko‘rgazma ham hamisha odamlar bilan gavjum.
Bu yerga tez-tez qadam ranjida qiladigan Tatyana Karimova mehmonlarga nisbatan doimo ochiq va samimiy munosabatda bo‘ladi. Vaqtini ayamasdan, ular bilan suhbatlashadi.
13-dekabr kuni ko‘rgazmaga kelgan rossiyalik blogerlar Yelena Rutskaya-Yunes hamda Fotima Orifjonovalar ham mana shunday muloqot va sovg‘a-salomlardan bahramand bo‘ldilar.
Fotima Orifjonova etnik matolar, liboslar, qadimiy texnologiyalar asosida tayyorlanadigan sopol idishlar bo‘yicha mutaxassis. Dekorator va dizayner sifatida, xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan qator ko‘rgazma va yarmarkalarda o‘zining «Art Gul» kompaniyasi mahsulotlari bilan ishtirok etib, milliy an’ana va udumlarimiz, madaniy merosimizni targ‘ib qilishga o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Mehmonlar Yodgorlik majmuasida Islom Karimov xotirasini hurmat ila yodga olib, ko‘rgazmadagi esdalik kitobiga quyidagi dastxatni yozib qoldirdilar: «Islom Abdug‘aniyevich nafaqat O‘zbekiston rahbari, balki butun bir tarixiy davrni o‘zida mujassam etgan buyuk shaxs. Uning fenomeni katta siyosatchi va tarixchi olimlar tomonidan o‘rganish va izlanishga loyiqdir. O‘zbekistonga tinchlik va farovonlik tilaymiz».
Farxod Kurbonboyev olgan suratlar