THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

TARIXNING MODDIY VA MA’NAVIY KO‘ZGUSI


17.05.2024

18 may – Xalqaro muzeylar kuni. Muzeylar esa faqat madaniy qadriyatlar namoyishigina bo‘lib qolmasdan, bizni o‘tmish sayohatiga chorlovchi yo‘lchi yulduz ham. O‘zbekiston muzeylari 130 yillik tarixga ega. Mamlakat miqyosida muntazam faoliyat yuritayotgan 127 ta davlat muzeyi bo‘lib, tabiyki, ular yildan-yilga ma’nan boyib, muntazam kengayib boradi.
“Har qaysi xalq milliy qadriyatlarini o‘z maqsad-muddaolari, umumbashariy taraqqiyot yutuqlari asosida rivojlantirib, ma’naviy dunyosini yuksaltirib borishga intilar ekan, bu borada tarixiy xotira masalasi alohida ahamiyat kasb etadi. Ya’ni, tarixiy xotira tuyg‘usi to‘laqonli ravishda tiklangan xalq bosib o‘tgan yo‘l – o‘zining barcha muvaffaqiyat va zafarlari, yuqotish va qurbonlari, quvonch va iztiroblari bilan, xolis va xaqqoniy o‘rganilgan taqdirdagina chinakam tarix bo‘ladi”. Ushbu fikrlar muallifi bo‘lmish – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘zining mamlakatdagi boshqaruv yillarida ko‘plab masalalar qatori, muzeylar rivojiga ham – milliy o‘zlikni anglashning muhim va ustuvor masalalaridan biri, deb qaragani tabiiy. Bevosita uning rahbarligi yillarida muzeylarning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

Gapning ochig‘i, istiqlolning ilk davrlarida yosh davlatning iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli og‘ir bo‘lgan. Yechim kutayotgan jiddiy muammolar, tezkorlik bilan hal etilishi lozim masalalar ko‘pligiga qaramay, Islom Karimov poytaxt markazida Temuriylar tarixi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risidagi farmonga imzo chekadi. Muzey 1996 yil 18 oktyabrda – buyuk sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan tantanali suratda ochiladi.
1997 yil Islom Karimov tashabbusi bilan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti qoshida muzeyshunos mutaxassislarni tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bu qadam – mamlakatda muzeyshunoslikning fan sifatida rivojlanish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi.
Maqola boshrog‘ida “masalaning tashkiliy-huquqiy asoslari” degan jumlani ishlatdik. Soha rivojini ko‘zlab amalga oshirilgan ishlarni esa aynan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 12 yanvarda qabul qilingan “Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan bevosita bog‘lash mumkin. Farmonga muvofiq Madaniyat ishlari vazirligi qoshida Muzeylarni qo‘llab-quvvatlash Respublika “O‘zbekmuzey” jamg‘armasi tashkil qilindi, “Moziydan sado” jurnali ta’sis etildi. Muzeylar har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi.

Shu tariqa buyuk o‘tmishga ega bo‘lgan, bugungi avlodlar u bilan tanishib, faxr-iftixor tuyg‘ularini uyg‘otadigan maskanlar faoliyati yangicha ruh va shitob bilan rivojlana bordi. Jumladan, Islom Karimovning 1999 yildagi farmoni bilan, Toshkentning Yunusobod tumanida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmuasi va Qatag‘on qurbonlari muzeyi barpo etildi.
2001 yilda Termiz arxeologiya muzeyi tashkil topdi.
Ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Ko‘hna va ulug‘vor shaharlarimiz nomi dunyoning benazir tarixiy maskanlari qatorida YUNЕSKO tashkilotining rasmiy ro‘yxatiga kiritilishi, buyuk ajdodlarimiz hayoti bilan bog‘liq qadamjolarning qayta obod etilishi bilan – bu zamin o‘zining boy o‘tmish, ilmiy va ma’naviy salohiyatining nechog‘li yuksakligini dunyo hamjamiyatiga namoyon qildi.
Bugungi kunda ham mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar izchil va tizimli ravishda davom ettirilmoqda. Turizm sohasi – iqtisodiyotning yangi va istiqbolli yo‘nalishi sanalishi, yurtimizda 7 yarim mingga yaqin madaniy meros obyektlari mavjudligi va ularning aksariyati YUNЕSKO ro‘yxatiga kiritilgani teran anglab yetilib, mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlar ayni maqsad sari yo‘naltirilayapti.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Islom Karimov ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohini muzeylashtirish ishlari yakuniga yetdi...
Darhaqiqat, shoir aytganidek,
“Mehru muhabbatga sazovor asli
Mehru muhabbatni ulug‘lagan zot!..”

F.Qurbonboyev olgan suratlar