THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

SOHIBQIRON ABADIYATI


08.04.2026

Xalqning peshonasida bitgan shunday siymolar bo‘ladiki, ularning nomi, a’moli, tarixda tutgan o‘rni, shon-shavkati va ulug‘ligi – bevosita o‘sha millatning g‘ururi va o‘zligiga aylanib ketadi. Xalq ham jahon aro shu buyuk ajdodlari sabab qaddini g‘oz tutib yuradi, so‘zini bermaydi. Bizning millatda esa shu kabi buyuk bobolar oz emas, bu – ilm-fanda ham, harb-u siyosatda ham, islom olamida ham dunyo sahnida mudom bo‘y ko‘rsatib turibdi.

Shunday ulug‘ ajdodlarimizdan biri shak-shubhasiz, Sohibqiron Amir Temur hazratlari bo‘ladi. Buyuk bobomizning oqsoch dunyo tarixida tutgan o‘rni shu qadar beqiyoski, birgina ta’rif bilan kifoyalansak, ko‘hna charxi dunning o‘zi bu kabi shukuhli o‘g’lonni ko‘pam ko‘rgan emas. Bashariyatning kelgusi taraqqiyoti uchun yurtparvarlik, insonparvarlik siyosatini olib borib, numuna bo‘lgan hukmdorlar shundog’am sanoqli, nomma-nom sanashga barmoqlar ham ortib qolmog’i mumkin. Ularning old safida esa, hech shubhasiz, Temur bobomizning jarangdor va haybatli nomi turadi.

Shu o‘rinda esa, Birinchi Prezident Islom Karimovning quyidagi ta’rifi fikrlarimizning keyingi tarzi uchun kalit vazifasini o‘taydi: “Kimki o‘zbek nomini, o‘zbek millatining kuch-qudratini, adolatparvarligini, cheksiz imkoniyatlarini, uning umumbashariyat rivojiga qo‘shgan hissasini, shu asosda kelajakka ishonchini anglamoqchi bo‘lsa, Amir Temur siymosini eslashi kerak”.

Qariyb 150 yillik mustamlaka kishanlaridan ozod bo‘lib, dunyo sahnida O‘zbekiston degan davlat bo‘y ko‘rsatgan davrning ibtidosidanoq, bir vaqtlar atayin “qonxo‘r”, “jallod” deya sifatlanib kelgan Sohibqironning shukuhli va ulug’ nomi – mustaqillik asoschisi tomonidan yana o‘z o‘rniga qaytarildi. Shunchaki qaytgani yo‘q, salobat bilan qaytdi, “milliy davlatchiligimizning buyuk namoyondasi” degan haqli sifatlashlar bilan qaytdi. Islom Karimov Amir Temurni mustaqil O‘zbekistonning g’oyaviy asoslari – kuchli davlatchilik, adolat va bunyodkorlik ramzi sifatida qayta tikladi.

Istiqlolning ilk yillaridan, 1993 yilda Toshkentda, 1996 yili Samarqand, Shahrisabz shaharlarida buyuk ajdodimizga haykallar o‘rnatildi, poytaxtda Temuriylar tarixi davlat muzeyi ochildi, “Amir Temur” ordeni ta’sis etildi, “Temur tuzuklari” qayta-qayta nashr etildi.

Mundoq o‘ylab qaralsa, endigina mustaqil bo‘lib, atak-chechak qila boshlagan davlatda – iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, harbiy jihatdan birinchi galda hal qilinishi kerak muammolar ozmidi? Islom Karimov shularning hammasi barobarida, Amir Temur va boshqa ulug‘larimiz xotirasiga qadr ko‘rsatganining zamirida bitta narsa yotardi. Uyam bo‘lsa, xalqning g’ururini tiklash, o‘zligini anglatib, tag-tugining tayini yo‘q “manqurt”lardan emasligini yana bir bor isbotlab qo‘yish. Bu katta gap.

Shu tarzda, milliy o‘zlikni anglash va ma’naviy tiklanishning asosiy ustuni sifatida ko‘rib kelingan – Amir Temur shaxsiga tengsiz hurmat an’anasi yillar o‘tsa-da, yangi O‘zbekistonda ham davom etib kelayotgani masalasi esa, alohida g’ururga sazovor. Bitta misol keltiramiz: agar 1996 yilda Amir Temur tavalludining 660 yilligi YUNESKO shafeligida, xalqaro miqyosda keng nishonlangan bo‘lsa, 2026 yil 5 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g’risida”gi Qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi mamlakat bo‘ylab keng nishonlanadi. Shuningdek, har yili aprel oyi “Amir Temur oyligi” deb e’lon qilinib, ta’lim muassasalari, ilmiy markazlar va mahallalarda uchrashuvlar, davra suhbatlari va ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Qaror doirasida 2030 yilgacha mo‘ljallangan maxsus “yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, unda Amir Temur va temuriylar davri merosini o‘rganish, asrash va targ’ib etishga qaratilgan muhim vazifalar belgilangan.

Shunday qilib, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev iborasi bilan aytganda, “Sohibqiron Amir Temur siymosi milliy davlatchiligimiz timsoliga aylanib, o‘zlikni anglash, an’ana va qadriyatlarimizni tiklash borasida xalqimizga ulkan ma’naviy kuch bag’ishlab kelmoqda” ekan, buyuk bobomiz dahosi va merosi yana asrlar bo‘yi faxru g’ururimiz timsoliga aylanib, abadiyatga daxldor bo‘lib qolaveradi.

F.Qurbonboev fotosuratlari