THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

SAMIMIY UCHRASHUV, SAMARALI MULOQOT...


21.11.2024

Birinchi Prezident rahbarligida xalqimizning mustaqillikka erishishi, yosh davlatning xalqaro maydonda o‘rin egallashi va nufuzini yuksaltirishiga oid tarixiy voqealar Yodgorlik majmuasiga tashrif buyuruvchilarda hamisha katta qiziqish uyg‘otib kelgan va kelmoqda. Bu esa, o’z navbatida tinch va barqaror davlat poydevorining asoschisi Islom Karimov shaxsiga, fenomeniga, xotirasiga nisbatan hurmat va e’tirofning ortib borayotganida muhim omil bo’lib xizmat qilayotgani o‘z-o‘zidan ayondir.   

Shu kunlarda Islom Karimov nomidagi Yodgorlik majmuasiga tashrif buyurgan Turkiyalik bir guruh jamoat tashkilotlari vakillari va olimlar bilan uchrashuv vaqtida yuqoridagi fikrimiz yana bir bor o‘z tasdig’ini topdi. Xalqimizning kelajagini belgilashda muhim sanalgan tarixiy voqealar mehmonlarni befarq qoldirmadi. Ayniqsa, o‘sha yillardagi jarayonlarning bevosita guvohi – Birinchi Prezidentning rafiqasi, majmua Vasiylik Kengashining a’zosi Tatyana Karimovaning noyob xotiralarini ular o’zgacha hayajon bilan qabul qildilar. Majmua rahbari tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinovning O‘zbekiston davlatchiligi tarixining yaratilishiga oid sermazmun fikrlari ham turkiyalik olimlarda katta qiziqish uyg’otdi.

Sermazmun suhbatdan olingan taassurotlar, Birinchi Prezident hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan film, hamda yurtimiz tarixi to‘liq qamrab olingan animasion film namoyishi bilan yanada boyitildi.

Majmua hududida joylashgan, avvalari “Qabullar uyi” nomi bilan atalgan tarixiy binoda mamlakatimizning xalqaro siyosiy maydondagi ilk qadamlariga oid tafsilotlar bilan tanishuv davom ettirildi. Bu erda Islom Karimov xorijiy davlatlar elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilgan, chet ellik nufuzli mehmonlar bilan uchrashuv va muzokaralar o’tkazgan.

Bugungi kunda mazkur binoda 50 ming nushadan iborat noyob nashrlar jamlangan Islom Karimov nomidagi kutubxona faoliyat yuritmoqda.

Mehmonlar samimiy qabul uchun Tatyana Akbarovnaga, majmua rahbari Temur Shirinovga, uchrashuv qatnashchilariga chuqur minnatdorlik bildirib, jasorat va sadoqat timsoli, davrimizning buyuk siyosatchisi Islom Karimovning taqdiri ular uchun ibratga loyiq katta maktab ekanligini alohida ta’kidladilar.

Bo‘lib o‘tgan muloqot, davlatlararo munosabatlarning rivojlanishida xalq diplomatiyasining o‘rni naqadar muhimligini yana bir bor tasdiqladi.

T.Qurbonboev olgan fotosuratlar