THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

QONUN POSBONLARINING HAYRATI


18.04.2025

Odatda ulug‘ insonlar, tarix ravishini bir o‘zandan boshqasiga burib yuborish zimmasiga tushgan shaxslar, inchunun, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov shaxsi haqida so‘z ketganda, “Ulug‘ inson xotirasi – qalbimizda”, “Yodi hamisha yodda” degan kalomlarni ko‘p ishlatamiz. Ammo bir tomoni borki, xotira degani o‘z-o‘zidan jonlanmaydi, shaxslar tusmollar va og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurguvchi rivoyatlar bilan abadiyatga muhrlanmaydi. U moddiylashishi, aniq tarixiy faktlar, ashyolar bilan dalillanishi kerak.

Va yana, xotirlovchi, yodga oluvchida moyilligu istakdan tashqari, buning uchun shart-sharoit ham bo‘lishi lozim. Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasi – ana shunday, Birinchi Prezident shaxsi to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlarni o‘zida jam qilgan maskandir. Bu yerga kelgan mehmonlar – O‘zbekiston mustaqilligi asoschisi va me’morining shonu shavkatga to‘liq, ayni paytda oddiylik qorishiq buyukligidan darak berguvchi hayotidan voqif bo‘lib, hayratlarga oshno bo‘lishadi.

Majmuaning bu galgi mehmonlari qonun posbonlari, ya’ni ichki ishlar xodimlari bo‘lishdi. Gap shundaki, Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmalari va hududiy bo‘linmalarida joriy yil 1 apreldan 30 aprelga qadar “Xalqimizning xavfsizligi, tinchligi va osoyishtaligini saqlash – eng ustuvor vazifamiz!” shiori ostida “Ma’naviyat oyligi” o‘tkazilayotgan ekan. Oylik davomida har bir hudud uchun tasdiqlangan “Ma’naviyat marshruti” loyihasi bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlarining madaniyat obyektlari, muzey va ziyoratgohlarga borishlari ko‘zda tutilgan.

Shu bois, joriy yilning 17 aprel kuni Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmuasiga vazirlik markaziy apparati xodimlarining tashrifi tashkil etildi. Mehmonlar majmua tarkibidagi kutubxona, shuningdek, “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasida bo‘lishdi. Xabar muqaddimasida parcha keltirganimiz suhbat – ayni kutubxonada kechgan muloqotning bir qismi. Kutubxona anjumanlar zalida mehmonlarga Islom Karimov to‘g‘risida hikoya qiluvchi hujjatli film ham namoyish etildi.

Ko‘rgazmada esa mehmonlar Birinchi Prezident faoliyatiga oid turli san’at asarlari – kartinalar, portretlar, fotosuratlar va haykaltaroshlik namunalari bilan tanishishdi.

Mehmonlardan birining e’tirof etishicha, Ichki ishlar vazirligi – majmua bilan bir ko‘chada, bir-biriga juda yaqin joylashgani bois, xizmatchilar har kuni ishga o‘tgan-qaytgan chog‘da majmua va undagi Islom Karimov haykaliga boqib o‘tishgan. Ammo hozirgidek yaqindan tanishish imkoni bo‘lmagan ekan. Kechagi tashrif esa buning uchun zo‘r muddao bo‘libdi. Shu tanishuvning o‘zidayoq mehmonlar Vatanimizning eng yangi tarixi, Islom Karimov hayoti va faoliyati haqidagi olam-olam taasurotlarga oshno bo‘lishdi.

Zero, Birinchi Prezident, Qurolli Kuchlarning Birinchi Oliy Bosh qo‘mondonining hayoti – yillar osha hali ko‘p hayratlarga sabab bo‘laveradi.

F.Qurbonboyev olgan fotolar