THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotira kechasi


31.01.2020

2020 yil 30 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasida Birinchi Prezident Islom Karimovning xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.

Xotira kechasini O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqalari T.A.Karimova kirish so‘zi bilan ochdi. U mamlakatimizning birinchi rahbari Islom Karimov bilan birga bosib o‘tgan hayot yo‘llari haqida gapirdi. Ayniqsa, Islom Karimovning Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta'minlashdagi rolini ifodalovchi O‘zbekiston yangi tarixining muhim voqealari va davrlariga to‘xtalar ekan, T.A.Karimova o‘z nutqida shunday dedi: "O‘ta og‘ir davrda davlat boshqaruviga kelgan Islom Abdug‘anievich yurtimizning ayrim viloyatlarida yuzaga kelgan millatlararo qarama-qarshiliklarni hal etish uchun qat'iy va ayni paytda puxta choralar ko‘rishga kirishdi. U tinchlik va barqarorlik har qanday davlatning, ayniqsa, yosh davlatni ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy-gumanitar rivojlantirishning asosiy shartlaridan biri ekanini juda yaxshi bilardi. O‘zining davlatchilikdagi qat'iyati va puxta o‘ylangan rejalari va faol harakatlari tufayli u respublikada salbiy tendensiyalarning iqtisodiy zararini minimallashtirishga muvaffaq bo‘ldi”.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi rahbari, professor T.Sh.Shirinov o‘z so‘zida mazkur tadbirning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi 2017 yil 25 yanvardagi qaroriga ko‘ra, Islom Karimovning xotira haftaligi doirasida o‘tkazilayotganini ta'kidlab, jumladan shunday dedi: “Islom Karimov milliy davlatchiligimizning taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ davlat arbobidir. Davlat binosini barpo etish va uni adolat bilan boshqarish oson ish emas. Zero, O‘zbekiston davlatining Birinchi Prezidenti zimmasiga juda og‘ir missiya yuklangan ediki, ul zot mana shu missiyani ortig‘i bilan bajardi. Chunonchi, u eng murakkab bir paytda O‘zbekiston xalqi uchun yangi davlatni barpo etishdek tarixiy qaror qabul qildi hamda milliy tiklanishning o‘tish davridagi mas'uliyatni va mashaqqatini zimmasiga oldi. Shuning uchun ul zot milliy davlatchilik tarixida buyuk davlat va siyosat arbobi, davlatimiz mustaqilligi asoschisi va istiqlolimiz me'mori sifatida xalqimiz xotirasida abadiy qoladi”.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi R.A.Mahmudova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari raisi Y.M.Borisova ishtirok etdi.

Xotira kechasida respublikamizdagi taniqli jamoat va madaniyat arboblari, yetuk olimlar, oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchi hamda talabalari, ommaviy axborot vositalari xodimlari va boshqalar ishtirok etishdi.