THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Ozod va obod Vatanga baxshida umr


19.01.2018

V.Uspenskiy nomidagi Respublika musiqaga ixtisoslashgan akademik litseyida “Ozod va obod Vatanga baxshida umr” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlangan badiiy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. 

Tadbir Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi bilan hamkorlikda tashkil qilindi. Unda V.Uspenskiy nomidagi Respublika musiqaga ixtisoslashgan akademik litseyi o‘qituvchi va o‘quvchilari, taniqli musiqachi va bastakorlar, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dasturga muvofiq tadbir “O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi” deb nomlangan hujjatli film namoyishi bilan boshlandi.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston mustaqilligini qo‘lga kiritishga, milliy davlatchiligimizni qurishga ulkan hissa qo‘shgan, shuningdek o‘z Vatani, xalqiga butun borlig‘ini baxshida etib yashagan O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ibratli hayoti va faoliyati mamlakatimiz yoshlarini mustaqillikka sadoqat, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishini qayd etdilar. Islom Karimov tashabbusi bilan “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Yoshlar siyosati to‘g‘risida”gi qonunlar hamda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilindi, yoshlar barkamol shaxs sifatida tarbiyalanishi masalalariga katta e’tibor qaratildi.

Tadbir ishtirokchilari ta’kidlaganidek, mamlakatimizning yuzlab yosh musiqachilari ko‘plab respublika va xalqaro tanlov g‘oliblari va sovrindorlari hisoblanadi. Bu esa respublikamizda musiqa va san’at rivojiiga alohida e’tibor berilayotganligi, Birinchi Prezidentimizning “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra bilimli, kuchli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart” degan g‘oyasi hayotga tatbiq etilganining yorqin dalilidir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ta’lim va fan sohasini rivojlantirish qismida uzluksiz ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash siyosatini davom ettirish, shuningdek bolalarni musiqa hamda san’atga jalb qilish maqsadida yangi bolalar musiqa va san’at maktablarini qurish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish kabi masalalar nazarda tutilgan.

Tadbir badiiy qism bilan yakunlandi. Xalqaro tanlovlar g‘oliblari va ishtirokchilari tomonidan o‘zbek xalq musiqasi va xorijiy musiqa namunalari ijro etildi.