Islom Karimov nomidagi kutubxona fondi restavratsiya qilingan yana bir noyob nashr bilan boyidi. Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi mutaxassislari tomonidan 1896 yilda Sankt-Peterburg shahrida nashr etilgan “Imperator Ermitajidagi musulmon tangalarining inventar katalogi” (“Inventarniy katalog musulmanskix monet Imperatorskogo Ermitaja”) kitobi qaytadan tiklandi. Mazkur nashr XIX asrda chop etilgan 100 ta nusxadan 78-si hisoblanadi. Katalog numizmatik nuqtayi nazardan g‘oyat ahamiyatli hisoblanib, unda o‘sha davrda Sharq va musulmon mamlakatlarida zarb etilgan 20 mingdan ortiq tanga va medallar tavsifi berilgan.
Qimmatbaho kitob avvaliga knyaz Romanovning Toshkentdagi shaxsiy kutubxonasida saqlangan, so‘ngroq Turkiston milliy muzeyi, ya’ni hozirgi O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirilgan. Yodgorlik majmuasi kutubxonasi tashkil etilganda esa, ko‘plab sohaviy ko‘hna kitoblar qatori ushbu muassasaga taqdim qilingan.
Yodgorlik majmuasi restavratorlari dastavval 872 sahifadan iborat bu nashrni ekspertizadan o‘tkazishdi, arxiv materiallari sinchiklab o‘rganildi. Kimyoviy elementlar qo‘shilmagan holda, tabiiy qog‘ozda, litografiya usulida tayyorlangan katalog – restavratsiyaning eng samarali texnologiyalari hamda yuqori professional mahoratni talab qilardi. Kitobning mohirona yangilangan muqovasi va ichki qismi uni aslidagidek qiyofaga qaytardi.
Shunday qilib, mazkur nodir nashr Islom Karimov nomidagi kutubxonaning boy kitob fondidagi minglab nashrlar orasida o‘zining munosib o‘rnini egalladi.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
T.Qurbonboyev fotosuratlari