THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

UNUTILMAS UCHRASHUVLAR


10.06.2026

O‘zbekiston Davlat Jahon tillari universiteti dosenti Zulfiya To‘xtaxo‘jaeva – mustaqillikning ilk yillarida Islom Karimov bilan hamkorlikda ishlagan ingliz tili tarjimonlaridan biri edi. “Xorijiy delegasiyalar vakillari – Birinchi Prezidentimizning zakovati, uzoqni ko‘ra bilishi, masalaga xayrixohlik bilan yondashuvidan hayratlanib, yuksak baho berishlarini ko‘p bor eshitganman...”. Bu so‘zlar uning “Islom Karimov – mustaqil davlat asoschisi” xotira kitobidagi esdaliklaridan parcha.

Mazkur kitobning o‘zi esa tarjimonga – Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga tashrifi chog‘ida, majmua Vasiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezident rafiqasi Tatyana Karimova hamda majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov bilan o‘tgan samimiy uchrashuv chog‘ida tuhfa qilindi.

“Meni bu erga boshlab kelgan narsa, avvalo, ulug‘ zot xotirasiga bo‘lgan ehtirom, qolaversa, istiqlolning ilk yillarida ro‘y bergan unutilmas voqealarni yana bir bor yodga olish istagi bo‘ldi. Hozir o‘ylab qarasam, mamlakat mustaqillik yo‘liga endigina qadam qo‘ygan, dunyoga ochila boshlagan, ayni kezda o‘ta mushkul yillar edi u. Lekin O‘zbekistonning baxtiga – uning kuchli, mamlakatning buyuk kelajagiga ishongan va bu ishonchni boshqalarga ham yuqtira olgan qat’iyatli rahbari bor edi”, – deydi mehmon o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlasharkan.

Zulfiya To‘xtaxo‘jaeva so‘zida davom etarkan, Birinchi Prezident uning yodida – yosh, kelishgan, benuqson didga va ulkan xarizmaga ega, har qanday suhbatdoshining e’tiborini kerakli o‘zanga burib yuborishga qodir bo‘lgan kuchli inson sifatida qolganini ta’kidlaydi. “O‘sha yillar – eng faol va samarali, ayni chog‘da baxtli mehnat davrlarim edi, - deydi u.

Mutaxassisligi bo‘yicha pedagog bo‘lgan mehmonimiz bugungi kunda ham universitet talabalariga o‘zining tarjimonlik maktabidan saboq berib, YAngi O‘zbekistondagi faol xalqaro munosabatlar sohasida o‘z salohiyatlarini ro‘yobga chiqarish uchun misli ko‘rilmagan imkoniyatlarga ega bo‘lgan yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmoqda.

Birinchi Prezidentimiz siymosini yanada to‘liqroq ochib bergan – badiiy asarlar, rassomlik va haykaltaroshlik namunalari, fotoarxiv bilan to‘la – “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasi bilan tanishuv ham mehmonda g‘oyat iliq va unutilmas taasurot qoldirdi.

T.Qurbonboev fotosuratlari