THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

“MUTAFAKKIRLARNING MUTAFAKKIRI”


09.02.2026

“Bu gulshan ichraki, yo‘qdur baqo guliga sabot,

Ajab saodat erur, chiqsa yaxshilik bila ot”.

She’riyat mulkining sultoni, hazrat Alisher Navoiy qalamiga mansub ushbu misralar, salkam olti asrki, tinchliksevar mardum uchun bamisli bir mayoqdek, yo‘lchi yulduzdek bo‘lib, shuurlarni yoritib kelmoqda. Navoiyning buyuk dahosi biz uchun besh yuz yil, yuz  yil avval qandoq namuna bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham ahamiyati sira pasaygani yo‘q.

Darvoqe, mustaqilligimizning ilk yili, ya’ni 1991 yil – “Alisher Navoiy” yili bo‘lib, ilk muhtasham haykal ham hazratga o‘rnatilgani bilan tarixga muhrlangan. Keyinchalik Samarqand va Navoiy shaharlarida buyuk ajdodimizning haykallari qad rostladi, poytaxtda O‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashkil etilib, u ham Alisher Navoiy nomi bilan ataldi. Ayni damda poytaxtdagi metro bekati, Respublikamizning har bir yirik shahridagi ko‘cha va xiyobonlar, bog‘ va sayilgohlar, kutubxonalar shu nom bilan ataladi.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning mana bu so‘zlari ham, necha yillar o‘tsa-da, ahamiyatini sirayam yo‘qotgani yo‘q: “Agar bu zotni avliyo desak, u – avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak – mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak – shoirlarning sultonidir. Inson qalbining quvonchu qayg‘usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi”.

Bugungi bolalar, yoshlar hazrat Navoiyni faqatgina shoir, mutafakkir yoki davlat arbobi deb biladi, xolos. U zotning zabardast saxovatpesha bo‘lganlari esa alohida tarix. Biz bugun odatdagidek, g‘azallari sharhi-yu, yozgan asarlari salmog‘ini bayon qilmasdan, shu jihatgagina e’tibor qaratsak ham, ul zotning naqadar buyuk shaxs bo‘lgani oydinlashadi.

Hazratning o‘z daromadlari hisobidan – Hirotda “Ixlosiya”, “Shifoiya”, “Nizomiya” madrasalarini, “Xalosiya” xonaqohini va yana bir qancha masjidlarni; Marvda “Xisraviya” madrasasini qurdirganlari; Fariduddin Attor qabriga maqbara o‘rnattirganlari, 9 ta hammom, 20 ta hovuz, 90 ta rabot barpo ettirganlari ma’lum. Qurdirgan to‘g‘onlarining aniq hisobi yo‘q, xalq uchun naq 300 ta inshootni o‘z hisoblaridan barpo ettirganlar.

Navoiy hazratlarining xalqqa jabr bo‘lmasin deya, butun boshli Hirot ahliga solingan soliqni bir necha bor o‘z hisoblaridan to‘lab berganlariga bir emas, bir nechta tarixchilar o‘z asarlari orqali guvohlik berishadi. Manbalarga ko‘ra, madrasalarning naq 12 ming nafar talabasi to‘liq Navoiy hazratning ta’minotida bo‘lgan, ya’ni u zot bu talabalarning mavsumiy kiyim-kechagidan tortib, o‘quv qurollariyu oziq-ovqatiga qadar o‘z zimmalariga olgan va yana ularga stipendiya ham joriy qilganlar. Bu madrasalarning o‘quv xonalariyu yotoqxona jihozlari, hatto shamga qadar Navoiyning hisobidan bo‘lgan. Muarrix Xondamir har oyda bu madrasalarga hazrat tomonidan un, non, shirinlik, choy va boshqa oziq-ovqatlardan tashqari, (hozirgi hisobda) 3 tonna go‘sht hadya etilganini yozadi.

Yana shu tarixchimizning yozishicha, Alisherbek hazratlari har yil boshida ming nafar kambag‘alga boshdan oyoq sarpo hadya etishni odatga aylantirganlar.

Hazrat Navoiy Xalosiya xonaqohida har kuni mingdan ortiq faqirlar uchun ovqat pishirtirib tarqattirar ekanlar. Yana u zot har yili muhtoj-miskinlarga ikki mingta po‘stin, yana shuncha chakmon, do‘ppiyu salla, ko‘ylak-lozim, poyabzallar ulashishni kanda qilmaganlar.

Mashhad shahridagi Imom Rizo bog‘ida esa Dor-ul-huffo nomli imorat barpo qildirib,  u yerda ham har kuni  kambag‘allar, muhtojlar, kasalmandlar, yetim-yesirlarga uch mahal ovqat tarqattirgan ekanlar. Ma’lumotlarga ko‘ra, Dor-ul-huffoda har kuni mingga yaqin faqirning qorni to‘yar ekan.

Husayn Boyqaro saltanatini necha martalab o‘z diplomatiyasi va oqilona tadbirlari bilan sharmandaliklardan, tanazzullardan saqlab qolgan ham hazrat Navoiy edilar.

Shundoq zotning tavallud topganiga bugun roppa-rosa 585 yil to‘ldi. Aslida milliy bayram bo‘lishga arzigulik kun bu. Ulug‘ mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy ma’naviy va adabiy merosi asrlar osha o‘z qimmatini yo‘qotmay, butun insoniyat qalbiga ezgulik, insonparvarlik, saxovat va mehr-muruvvat g‘oyalarini ulashib kelmoqda. Uning bebaho asarlari yosh avlodni ma’naviy kamolga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Navoiy ijodiga qiziqish va uni tadqiq etish faqat yurtimizda emas, xorijda ham muttasil davom etmoqda. Yevropada birinchi bo‘lib Navoiy asarlarini fransuz olimlari o‘rganganini ko‘ramiz. Dunyoga mashhur Parij milliy kutubxonasida Navoiy asarlarining 42 ta qo‘lyozma nusxasi saqlanadi. Bundan tashqari bu asarlardan Germaniyada 88, Finlyandiyada 27, Chexiyada 11, Shveysariyada 13, Estoniyada 8, Rossiyada 94 nusxada saqlanmoqda. Bugungi kunda AQSH, Kanada, Yaponiya kabi va boshqa davlatlarda ham Navoiy asarlariga qiziqish va ilmiy tadqiqot ishlari ortib bormoqda. Turkiyada esa tabiiyki, turkiy adabiyotning eng buyuk vakillaridan biri sifatida, fanda maxsus navoiyshunoslik yo‘nalishi ham bor. Shoir aytmoqchi,  “Temur tig‘i yetmagan joyni qalam bilan oldi Alisher”.

Buyuk daholar tarixning tub burilish nuqtalarida, millat birlashmog‘i, ruhan yuksalmog‘i shart bo‘lgan pallada dunyoga keladi. Alisher Navoiy xuddi ana shu davrda yashadi. Bugun shoir so‘zlari Yangi O‘zbekiston bo‘ylab, butun dunyo bo‘ylab o‘zining yuksak parvozini davom ettirmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Jonajon Vatanimiz “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan bosh tamoyil asosida taraqqiyotning butunlay yangi bosqichiga qadam qo‘yib, yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan bugungi kunda Alisher Navoiyning bezavol adabiy merosi misolida o‘zbek adabiyoti va madaniyatini chuqur o‘rganish va ommalashtirish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda”.

Demak, shoir dahosi yana asrlar o‘tsa-da, boqiy bo‘lib qolaveradi.

F.Qurbonboyev fotosuratlari