THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

MUSAVVIR BILAN UCHRASHUV


24.11.2025

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi – O’zbekistonning davlat sifatidagi shakllanishi va taraqqiyotida o’ziga xos o’rin tutgan shaxslarning o’ziga xos muloqot maydoni ham bo’lib bormoqda. SHu kunlarda bu maskan mamlakatimiz solnomasida nomi bitilgan yana bir inson bilan uchrashuvning guvohi bo’ldi.

Majmua Homiylik kengashi a’zosi, Birinchi Prezident rafiqasi Tatyana Karimova O’zbekiston Respublikasining davlat ramzlari – bayroq va gerb muallifi, O’zbekiston xalq rassomi Anvar Mamajonov bilan uchrashdi.

Suhbatda mamlakatimiz mustaqilligining ilk hayajonli chog’lari, hali milliy ramzlarga ham ega bo’lmagan davlatning bu borada orttirgan tajribalari, Islom Karimov bilan muloqot, uning – ham davlat rahbari, ham oddiy inson sifatidagi fazilatlari xususida so’z bordi.

Rassomning eslashicha, 1991 yili mamlakat mustaqillikka erishgach, O’zbekiston davlat bayrog’i va gerbini yaratish bo’yicha tanlov e’lon qilingan. Unda butun respublika bo’ylab ijodkorlar va ko’ngillilar ishtirok etishgan. Tanlovga taqdim etilgan eskizlar Fanlar akademiyasining professor-o’qituvchilari va rassomlardan iborat komissiya tomonidan ajratib olingan.

Mehmonimiz ham tanlovda grafik rassom sifatida qatnashib, yangi gerb uchun sobiq O’zbekiston SSR gerbini asos qilib olgan hamda unga o’zbek xalqi va zamini timsollarini kiritgan. Tanlov so’ngida ikki rassom – Bahodir Jalolov va Anvar Mamajonov finalga o’tgani haqida xabar berilgan. Har ikki ish komissiya a’zolari va Oliy Kengash deputatlari tomonidan ko’rib chiqilgan ekan. SHundan so’ng nimanidir olib tashlash, nimanidir qo’shish yoki uni-buni to’g’rilash kabi odatiy ishlar boshlangan.

Anvar Mamajonov gerbning markaziga dastlab afsonaviy Semurg’ qushini chizgan va keyinchalik Islom Karimovning taklifiga asosan uni Humo qushiga o’zgartirgan. “Davlat rahbari butun ish jarayonini kuzatib, hammasini nazorat qilardi. U gerbda yirtqich hayvonlar bo’lmasligi kerakligini aytib o’tganidan so’ng, g’oyalar mutlaqo o’zgardi, jumladan, mening eskizlarim ham boshqacha ko’rinishga ega bo’ldi”, – deya eslaydi rassom. Bundan tashqari, Prezidentning Humo – baxt, erkinlik qushi, uning boshi egilgan holatda bo’lishi kerak emas” deganidan so’ng, tasvir o’zgartirilgan.

“Bayroq yaratilishi ustida ham g’oyat jiddiy ish olib berildi. Bevosita Islom Karimov g’oyalari asosida chizilgan bayroqda dastlab Prezident sho’rolar tuzumini eslatib turadigan qizil rang umuman kerak emasligini aytgandi. Keyin biz unga bu rang – SHarqda yomon ko’zlardan asrovchi rang sifatida ham qo’llanishini, qolaversa, mustaqillikda – ozodlik uchun umrini va jonini tikkan ajdodlarning ham hissasi borligini aytganimizdan so’ng, u rangni bayroq o’rtasida, kichik hoshiya sifatida qoldirishga ko’ndi. Dastlabki variantdagi yarim oy va bitta yulduz – Islom Karimov tavsiyasiga ko’ra 12 ta yulduzga aylanib, mukammallik kasb etdi.

Timsollarni yaratish va ularni rasmiylashtirishning tarixi, qonun-qoidalari va san’atini o’rganadigan fan bo’lmish – geraldikaga jiddiy qarashni, har bitta belgini asoslashni aynan Islom Karimov bilan ishlash jarayonida o’rganganman. Meni shunday buyuk shaxs bilan uchrashtirgani uchun taqdirimdan minnatdorman”, – deydi musavvir.

...Yillar, zamonlar o’tar, avlodlar almashar. Ammo mamlakat mustaqilligi yo’lida umrini baxsh etgan buyuk etakchi xotirasi kabi – ozod yurtning tug’rosi ham, bayrog’i ham boqiy qolib, mag’rur hilpirab turaveradi.

T.Qurbonboev fotosuratlari