Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasidagi “Butun olamni jo qilgan yurak” nomli badiiy ko‘rgazma bilan tanishuvga keluvchilar safi kundan-kunga ortib bormoqda. Ular orasida o‘quvchi va talaba yoshlardan tortib, ishchi-xizmatchilargacha, ziyolilardan tortib, faxriy nuroniylargacha – turli yosh va kasbdagi yurtdoshlarimizni uchratish mumkin.
Birinchi Prezident xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida kelgan yoshu qarining yuz-ko‘zida – bugungi dorulomon kunlar, tinchlik va osoyishtalikni bizga in’om etgan ulug‘ zotning xotirasi oldida minnatdorlik tuyg‘ulari mujassamligini ilg‘ash qiyin emas.
Fikrimizga isbot tariqasida kuni kecha bu maskanga kelgan O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish Mintaqaviy markazi tinglovchilari tashrifini tilga olish mumkin.
Markazda malakasini oshirayotgan, Respublika bo‘ylab barcha viloyatlardan kelgan pedagog-muallimlar ko‘rgazmalar zalidagi Birinchi Prezidentimiz hayoti va faoliyatiga oid turli san’at asarlari – kartinalar, portretlar, fotolar, peyzaj va haykaltaroshlik namunalarini g‘oyat qiziqish va hayajon bilan tomosha qilishdi.
Yosh avlodga ziyo ulashuvchi sharafli kasb egalari o‘zaro va majmua xodimlari bilan muloqot qilib, yurtimizning eng yangi tarixi bo‘yicha yangi taasurot va tasavvurga oshno bo‘lishdi. Mamlakatning barcha hududlaridan kelgan o‘qituvchi va muallimning fikricha, vatanimiz taraqqiyoti tadrijini belgilab bergan yangi tarixning dastlabki davrini chuqur anglash – o‘quv jarayonini muhim ma’lumotlar bilan boyitishga yordam beradi. Zero, Vatanga xizmat qilish, boz ustiga, o‘sib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida shu kabi qadriyatlarni singdirish – ezgu ishlarning eng ulug‘laridan biri.
T.Qurbonboyev fotolari