THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

“KONSTITUSIYA – INSON QADRI, ERKINLIK, TENGLIK VA ADOLAT GAROVI!”


05.12.2025

Bu yilgi bayramning bosh g’oyasi va shiori shunday nomlangan bo’lib, u O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2025 yil 21 noyabrdagi “O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish to’g’risida”gi Farmoyishida belgilab berilgan. Mamlakat bo’ylab yuksak tantana bilan nishonlanayotgan ayyom – yurtdoshlarimizni ayni shu yuksak g’oya, unda ifoda etilgan ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirishi shubhasiz.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida – bosh qomusimiz qabul qilingan kunning 33 yillik sanasiga bag’ishlangan ilmiy-ijodiy kecha ham shu hayotiy shior ostida o’tdi. Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti bilan hamkorlikda o’tkazilgan tadbirda asosiy urg’u bosh qomusimizning – yoshlar, ularning huquq hamda erkinliklari uchun kafolat bo’luvchi asosiy hujjat ekaniga qaratildi.

Aslida Konstitusiya faqatgina huquqiy hujjat emas, xalqni birlashtiradigan, hamyurtlarimizda Vatan taqdiri, istiqboli yo’lida mas’uliyat tuyg’usini uyg’otadigan ma’naviy qadriyat hamdir. U har bir fuqaroning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishda, qonunga hurmat ruhini shakllantirishda, g’urur bilan, “Men – konstitusion himoyadaman” deya, qaddini g’oz tutib yurmog’ida muhim o’rin tutadi. Ayniqsa, yosh avlod uchun Konstitusiya – demokratiya, adolat va vatanparvarlik maktabi.

Anjuman O’zbekiston Respublikasi Davlat gimni bilan boshlandi.

Yodgorlik majmuasi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov tadbirni ocharkan, o’z so’zida har bir mustaqil davlat hayotida Bosh Qomus – eng oliy huquqiy hujjat sifatida alohida o’rin tutishi, u mamlakat taraqqiyotining huquqiy asosini belgilabgina qolmay, xalqning orzu-intilishlari, qadriyatlari va kelajakka bo’lgan ishonchini o’zida mujassam etishi to’g’risida fikr yuritdi. Tarixchi olim sifatida ilk konstitusiya tushunchasi tarixi olis moziylarga, ya’ni miloddan oldingi Mesopotamiya, Afina, Rim konstitusiyalariga taqalishini, Vatanimiz shunday hujjatga ega bo’lishi – uning ana shu qadim davlatchilik an’analari yo’lini tanlaganligidan dalolat bo’lganini alohida qayd etdi.

Birinchi Prezident rafiqasi, Yodgorlik majmuasi Homiylik Kengashi a’zosi Tatyana Karimova o’z chiqishida – Konstitusiya qabul qilingan tarixiy jarayonlardagi Islom Karimovning o’rni, uning 25 dan ziyod davlatlar bosh qonunlarini shaxsan o’rganib, mamlakatimizning o’ziga xos jihatlari va xususiyatini aks ettirgan, xalqaro standartlarga ham to’la javob beradigan, eng rivojlangan mamlakatlar konstitusiyaviy qonunchiligi erishgan yutuqlarni inobatga oladigan Asosiy Qonun loyihasini tayyorlashga bevosita rahbarlik qilgani haqidagi xotiralari bilan o’rtoqlashdi.

Shundan so’ng namoyish etilgan – mustaqil davlatning ilk Konstitusiyasi qabul qilingan tarixiy damlar, unda va yangi tahrirdagi asosiy Qomusimizda aks etgan o’ziga xosliklar to’g’risida hikoya qiluvchi hujjatli film tadbir ishtirokchilarini – yaqin o’tgan yillar qadrdon voqeliklariga boshlash bilan birga, bugungi kunimizdan ham iftixor tuyg’ulariga oshno qildi.

Anjumanda ilmiy ma’ruzalar bilan ishtirok etgan Toshkent davlat yuridik universiteti, O’zbekiston Milliy universitetining professor-o’qituvchilari hamda talaba yoshlari, Birinchi Prezident bilan birga dastlabki Konstitusiya qabul qilinishida bevosita ishtirok etgan konstitusion komissiya a’zolari, shuningdek, Turkiyadan kelgan mehmonlar – Konstitusiyaning inson sha’ni, qadr-qimmati va huquqlarining mustahkam qonuniy asosi ekani, bosh qomusning tamal toshi qo’yilgan pallada ham, yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizda ham birinchi galda – yoshlar va ularning huquqlari uchun bosh kafolat hujjati hisoblanishi, O’zbekistonda Konstitusiya va davlat qurilishining o’ziga xosliklari haqidagi fikr-mulohazalari bilan o’rtoqlashishdi. Vatan qomusini tarannum etgan ijod namunalari namoyish etildi, kuy-qo’shiqlar yangradi.

O’zbekiston – 130 dan ziyod millat tinch-totuv, emin-erkin yashab kelayotgan umumiy uyimiz. Bu umrguzaronlik, totuvlikning asosiy huquqiy tayanchi ham – aynan bosh qonunimiz. Mustaqillik yillarida o’zgacha mazmun va ravnaq topgan qo’shni davlatlar bilan aloqalarimiz bugun yanada yangi pog’onaga ko’tarilib, oliy o’quv yurtlarimizda qardosh mamlakatlar farzandlari ham bilim olmoqda. Chunonchi, O’zbekiston Milliy universitetida tahsil olayotgan turkman talaba-yoshlari ishtiroki va o’zlarining milliy raqsini ijro etishgani – anjumanga o’zgacha bayramona surur baxsh etdi.

G’oyat samimiy va bayramona shukuh bilan o’tgan tadbir so’ngida uning faol ishtirokchilari faxriy yorliq va esdalik sovg’alari bilan taqdirlandilar.

Darvoqe, ilmiy-ma’rifiy anjuman doirasida – tadbir bo’lib o’tgan Islom Karimov nomidagi kutubxonaning o’zida – mehmonlar uchun O’zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilinganining 33 yillik sanasiga bag’ishlangan foto-ko’rgazma ham tashkil etildi.

Tadbirdan, umuman, bugungi sana bilan bog’liq voqeliklardan xulosa o’rnida aytish lozimki, O’zbekistonda Konstitusiya – rostmanasiga inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi hisoblanadi. Bosh Qomusga sodiq qolgan holda yashash, unda belgilab qo’yilgan tamoyillarni hayotga tatbiq etish – har birimizning muqaddas burchimiz!

T.Qurbonboev fotosuratlari