THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

 XOTIRA UYG‘ONSA, GO‘ZALDIR


06.05.2024

Aslida inson xotirasiz yashay olmaydi. U – yoqimli yoki noxush xotira bo‘ladimi, biror shaxs va yo voqelik bilan bog‘liqmi, unisidan qat’iy nazar, odamga muayyan kayfiyat baxsh etmog‘i aniq. Taqdir ekan, bugun o‘zini ham eng samimiy xotiralar bilan eslab turganimiz – aynan Islom Karimov “xotira”, “qadr” kabi milliy o‘zlikka xos tuyg‘ularni – millatning o‘ziga qaytargan, “g‘alaba” deya, biroz mavhum, balandparvoz nom ila ataluvchi bayramni – xotirlashdek, qadrlashdek ulug‘ o‘zan tomon yo‘naltirgan edi.
“Xotira – ulug‘, qadr – muqaddas” degan shioromuz g‘oyalar o‘rtaga qalqib chiqdi: o‘tganlarni xotirlash, tiriklarni qadrlab, ularga oqibatu muruvvat ko‘rsatish kerak edi. Shu yo‘l tanlandi, shunga amal qilindi va shunday qilsakkina to‘g‘ri yo‘ldan bormog‘imiz tugal anglab yetildi. Chunki millionlab mardumning boshiga yetgan, yostig‘ini quritgan, yana shunchasini bir umrlik alamu zabunlikka giriftor qilgan urushda erishilgan g‘alabani bayram qilishdan ko‘ra, qurbonlarni xotirlab, tiriklarning qadriga yetmoq – ming bora behroq va mantiqliroq ish.
Yana bir jihat borki, Birinchi Prezidentning o‘zi – tabiatan tinchliksevar inson edi. Go‘dakligi urush va undan keyingi aftoda yillarda o‘tgani, uning nechog‘li ofat ekanini o‘z tani-yu ruhida his qilgani bois bo‘lsa kerak, vujud-vujudi bilan urushni rad etib, mamlakat siyosatini ham shu g‘oyaga yo‘naltirgan edi. Shu sabab ham ongli siyosiy faoliyatining salmoqli qismini – mintaqa xavfsizligiga sarf etdi. Shu sabab ham KXSHT (Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti) kabi tuzilmalardan o‘z vaqtida, “es borida etakni yopib”, chiqib ketishning uddasidan chiqdi. Shu sabab ham O‘zbekiston – gegemon davlatlar manfaati to‘qnashib, urush o‘chog‘iga aylanmasligi yo‘lini qila oldi.
Darvoqe, xotira... Keling, Islom Karimovning o‘z fikrlarini yodga olaylik: “Xotira deganda biz bu foniy dunyoda o‘tgan ajdodlarimizni eslash, ularning chirog‘ini yoqib, ezgu ishlarini davom ettirishni tushunamiz. Bu xalqimizga xos azaliy fazilat. Xotirasi bo‘lmagan, tarixni unutgan, o‘z ajdodlarining qadriga yetmaydigan millatning istiqboli yo‘q. Bu haqiqatni kishilik tarixi isbotlab turibdi. Qadrlash degani bu – asrlar davomida ona diyorimizni, xalqimizning ozodlik va istiqlolini, erkin va farovon hayotini mardlik va shijoat bilan himoya qilgan fidoyi vatandoshlarimizni yodga olmoq, ularga munosib hurmat va ehtirom ko‘rsatmoqdir”, degandi u.
Shunday qilib, O‘zbekiston Prezidentining 1999 yil 2 martdagi farmoni bilan 9 may – Xotira va qadrlash kuni deb e’lon qilindi. “Noma’lum askar”, “bedarak yo‘qolgan” degan iboralarga barham berilib, qurbon bo‘lganlar, urushdan qaytmaganlar nomi tiklandi. Xotira maydonlarida barpo etilgan yodgorlik majmualarida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz nomlari maxsus lavhalarga zarhal harflar bilan yozib qo‘yildi, ular haqidagi ma’lumotlar jamlangan 35 jilddan iborat “Xotira” kitobi chop etildi. Bu ishlarning boshida ham Birinchi Prezident turdi.
Bugungi Yangi O‘zbekistonda nishonlanayotgan bayramlar ham xuddi o‘sha – xalqimizga xos insoniylik, matonat va jasorat tuyg‘ulari bilan hamohang. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev urush faxriylariga yo‘llagan tabrigida aytganidek, “Biz, bugungi minnatdor avlodlar sizlar kabi jasur otalarimiz bilan umrbod faxrlanamiz. Sizlarning jang maydonlaridagi buyuk qahramonligingiz, urushdan keyin mamlakatni tiklash va rivojlantirish yo‘lida qilgan fidokorona xizmatlaringiz uchun barchamiz bosh egib ta’zim qilamiz. Oradan yana qancha yillar, asrlar o‘tmasin, sizlarning fashizmga qarshi ko‘rsatgan matonatingizni xalqimiz hamisha qalbida, xotirasida saqlaydi, bu jasorat yoshlarimiz uchun abadiy ibrat namunasi bo‘lib qoladi”.
O‘tganlarning esa oxiratlari obod bo‘lsin!

Farhod Qurbonboyev olgan suratlar