THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

XOTIRA CHIROG‘I O‘CHMAYDI


08.05.2026

Har yili taqvimdagi 9 may tobora yaqinlashgani sayin butun dunyo bo‘lmasayam, uning salmoqli qismida mazkur sana bilan bilan bog‘liq turfa munozaralar, bahsu tortishuvlar yana bosh ko‘tarib qoladi. Sananing rasmiy sababi-ku ayon – Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba kuni u. Bahsu munozaralar boisi – uni qandoq atashu kimning bayram qilishga haqdorligi xususidagi mashmashalar bilan bog‘liq. Boz yana ba’zi bir davlatlar bu sanadan  – “umumiy tarix”, “o‘tmishda birga kechgan umum qahramonlik” kabi, bir qarashda g‘oyat beozor ko‘ringan g‘oyalar bilan – mafkuraviy qurol o‘rnida foydalanishga urinib qolishiyam bor...

O‘zbekistonning eng yangi tarixida esa bir shaxs, aniqrog‘i, uning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan – o‘shanaqa kabi gaplar ayni avjiga chiqa boshlagan pallada unga shartta nuqta qo‘yilgan, aniqrog‘i, 1999 yil 2 mart kuni imzolagan Farmoni bilan, 9 mayni – O‘zbekistonda “Xotira va qadrlash kuni” deya nishonlash belgilangan edi.

Yillar esa – bu qarorning naqadar to‘g‘ri va oqilona bo‘lganini, jahon tarixida bitmas-tuganmas fojia bo‘lgan urush tugaganiga 80 yildan oshsa-da, uning yaralari hanuz bitmagani, urush domida qurbon bo‘lganlarni xotirlash, tiriklarni qadrlab, e’zozlash – insoniy burch ekanini isbotlab turibdi.

Mana, chorak asrdan oshibdiki, “Xotira va qadrlash kuni” yurtimizda keng miqyosda nishonlanib, 1941-1945 yillarda urush va mehnat frontida tinchlik uchun kurashib, halok bo‘lgan jasur va matonatli o‘g‘lonlar hotirasi yod etiladi, safi ancha siyraklashib qolgan urush va mehnat frontida jasorat ko‘rsatgan nuroniylarimiz e’zozlanadi. YUrtning barcha hududida barpo etilgan xotira maydonlariga ziyoratga kelgan har bir vatandoshimiz, albatta, o‘z jigari, hech bo‘lmaganda, biror qo‘shnisining nomiga duch kelib, o‘tganlar ruhiga tilovatu duolar qilib, yuziga fotiha tortadi.

SHunday chog‘larda urush kechayotgan tomonlardan, front hududlaridan ko‘chirib keltirilgan etim-esirlarni o‘z bag‘riga sig‘dirgan, burda nonini ular bilan baham ko‘rgan, uyi qanchalar tor bo‘lsa, bag‘ri shunchalar kengaygan, “Sen etim emassan” deb, sag‘irlarga mehr-muruvvat ko‘rsatgan xalqimizning odamiylik fazilatlari yillar o‘tsa-da, unutilib ketmasligi ham yodingga tushadi.

Xotira va qadrlash kuni yangi O‘zbekistonning ham alohida nishonlanadigan sanalaridan biriga aylangan, desak, buyam adolatdan bo‘ladi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoev tashabbusi va g‘oyalari bilan, Ikkinchi jahon urushi manzaralarini aks ettiruvchi “G‘alaba bog‘i” va “Shon-sharaf” muzeyining yangidan barpo etilgani, urushda besh norg‘ul o‘g‘lonini yo‘qotgan, yo‘qotganu or-nomusini, g‘ururi-yu irodasini saqlab qolgan o‘zbek onasi Zulfiya aya Zokirova va uning sadoqatli kelinlari xotirasiga bag‘ishlangan “Matonat madhiyasi” majmuasining dunyoga kelgani, urush faxriylarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga shaxsan davlat rahbarining o‘zi bosh-qosh bo‘layotgani fikrimizga dalil bo‘la oladi.

Gap urush va uning qurbonlari, xotira mavzusida ketayotgan ekan, yana bir gapni xotirlagimiz keldi.

2016 yil 9 may. Toshkentdagi Xotira maydonida Birinchi Prezident Islom Karimov – hayotligidagi eng so‘nggi intervyularidan birida bitta gapni alohida uqtirib, “quloqqa qo‘rg‘oshindek quyib” aytib ketgan edi: “Dunyoda tobora keskinlashib borayotgan qarama-qarshiliklar, yaqin va uzoq atrofimizda kuchayib borayotgan qonli to‘qnashuvlar tinchlik va barqarorlikka o‘ta jiddiy xavf va tahdid solmoqda. Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yanada oshirishga e’tiborimizni kuchaytirish, O‘zbekistonimizning hech qanday harbiy blokka qo‘shilmasligi va mamlakatimiz hududida chet davlatlarning harbiy bazalari joylashuviga, harbiy xizmatchilarimizning mamlakatimiz tashqarisida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik siyosatini qonun bilan mustahkamlab qo‘yganimizni bugungi murakkab vaziyatda o‘zimiz uchun eng ma’qul va to‘g‘ri yo‘l, deb bilamiz”.

Bugun dunyoda kechayotgan vaziyatni kuzata turib, Birinchi Prezident naqadar haqligiga qayta va qayta amin bo‘lasan...

YAna bir gap. Hech qachon, hech qaysi urushda – g‘olib ham, mag‘lub ham bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham. Urushda faqat qurbonlar bor, millionlab qalblarda qolajak o‘chmas dog‘ bor, chandiqlar bor, xolos.

O‘tganlarning oxirati obod bo‘lsin!

F.Qurbonboev fotosuratlari