THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

“XOTIRA – ABADIY, QADR – MUQADDAS”


06.09.2024

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning o‘chmas yodiga bag‘ishlab “Xotira – abadiy, qadr – muqaddas” deb nomlangan xotira kechasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tarixchi va tilshunos olimlar, yozuvchi, shoir va jurnalistlar, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari, Islom Karimovni yaqindan bilgan va birgalikda faoliyat yuritgan insonlar, keng jamoatchilik vakillari hamda Yodgorlik majmuasi xodimlari ishtirok etdi.
Xotira kechasi noan’anaviy tarzda, o‘tganlar ruhi pokiga bag‘ishlab o‘qilgan Qur’on tilovati bilan boshlandi. Shundan so‘ng namoyish etilgan – Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab tayyorlangan ta’sirchan videolavha ishtirokchilarni g‘oyat to‘lqinlantirib, mustaqil davlatimiz asoschisi bilan haqli ravishda faxr-iftixor va g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otdi.

Tadbirni ocharkan, majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov o‘z so‘zida ayni anjuman – joriy yilning 2 sentyabr kuni mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyev majmuaga tashrif buyurib, Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirgan rasmiy tadbirning mantiqiy davomi ekanini, Birinchi Prezidentimiz tarixning tub burilish pallasida mamlakat mustaqilligini e’lon qilgan va uni taraqqiyot yo‘liga olib chiqqan, og‘ir davrda yetakchilik qilgani, shu bois ham uning xotirasiga har qancha hurmat bajo keltirsak ham arzigulik ekanini ta’kidlab o‘tdi.
Birinchi Prezidentning rafiqasi, Yodgorlik majmuasi Vasiylik kengashi a’zosi Tatyana Karimova o‘z so‘zida mustaqillik uchun kurashgan va unga xizmatlari singgan vatanparvar insonlar xotirasini minnatdorlik bilan yodga olayotganimiz – Islom Karimov asos solgan va bugungi kunda ham izchil davom etayotgan tinchlikparvar davlatchilik an’anasining o‘ziga xos dalili ekanini tilga oldi.

Yodgorlik majumasi tomonidan nashr etilgan “Hikmatga aylangan fikrlar” kitobining taqdimoti ham alohida e’tiborga molik voqea bo‘ldi. Islom Karimovning ma’ruza va nutqlari, bildirgan fikr-mulohazalari, uning asarlaridan o‘rin olgan iqtiboslar jamlangan kitobning to‘plovchisi va so‘zboshi muallifi Nuriddin Ochilov o‘z chiqishida mazkur risola Birinchi Prezident hayoti va faoliyati bilan qiziquvchilar, keng jamoatchilik uchun mo‘ljallanganini qayd etdi.
Kechada so‘z olgan filologiya fanlari nomzodi To‘lqin Eshbek, O‘zbekiston san’at arbobi Dadaxon Yoqubov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, xalqaro “Oltin meros” jamg‘armasi raisi, jurnalist Amirqul Karim, filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov, Islom Karimovning – shaxsiy shifokori Husniddin Muhamedov, shaxsiy oshpazi Jo‘rabek Saparov, qo‘riqchilar bo‘linmasi boshlig‘i Husan Qayumovlar – Birinchi Prezident hayoti va faoliyati to‘g‘risidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashishdi.

Qiziqarli va hayajonga boy tarzda o‘tgan anjuman qatnashchilari – uning tashkilotchilariga minnatdorlik bildirib, Islom Karimov fenomeni xali ko‘p yillik izlanishlar va tadqiqotlarga loyiq benazir xazina, degan yakdil fikrga keldilar.
Tadbir yakunida ilmiy ishlari va tadqiqotlari bilan hamkorlik qilgan ishtirokchilarga majmua nomidan “Islom Karimov – Mustaqil O‘zbekiston asoschisi” nomli kitob-albom va tashakkurnomalar topshirildi.
Mehmonlar anjuman o‘tkazilgan tarixiy bino, ya’ni Birinchi Prezidentning sobiq “Qabullar uyi”dagi kutubxona fondi hamda shu kunlarda yangidan tashkil etilgan, Islom Karimov ishtirokidagi tarixiy voqealar aks etgan fotoekspozitsiyani qiziqish bilan tomosha qilishdi.

Majmua matbuot xizmati
T.Qurbonboyev fotosuratlari