THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

KЕLAJAK EGALARINING YAQIN TARIXGA SAYOHATI


14.10.2024

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov “Vatanimizning kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori, avvalambor, farzandlarimizning unib-o‘sib, ulg‘ayib, qanday inson bo‘lib hayotga kirib borishiga bog‘liqdir”, degan edi. Darhaqiqat, bugun “yoshlar mamlakati” deya e’tirof etilayotgan navqiron O‘zbekistonimizda yoshlarga e’tibor – davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga Toshkent shahridagi Biznes va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan xalqaro “Target international school” maktabi o‘quvchilari kelishdi.
O‘quvchi-yoshlar Yodgorlik majmuasining Ko‘rgazmalar zalida bo‘lib, Birinchi Prezidentimizning hayoti va faoliyatiga oid turli san’at asarlari – kartinalar, portretlar, fotolar, peyzaj va haykaltaroshlik namunalari bilan tanishishdi.
Navqiron mehmonlarga yodgorlik majmuasi muzeyi direktori O.Abdimo‘minov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov xotirasini adabiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Ko‘rgazmalar zalida o‘quvchi-yoshlar Vatanimiz tarixi va buguni, yoshlarga yaratilgan sharoit va imkoniyatlar to‘g‘risida o‘zaro muloqot qilib, yurtimizning eng yangi tarixi bo‘yicha yangi bilimlarga oshno bo‘lishdi.

T.Qurbonboyev fotosuratlari