THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Istiqlol me’mori


20.04.2018

20 aprel kuni Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida «Istiqlol yillarida bunyodkorlik: kecha va bugun» mavzusida uchrashuv va ochiq mashg‘ulot o‘tkazildi.

Taklif etilgan mehmonlar dastavval Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘yib, «Butun olamni jo etgan yurak» ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirishdi.

Tadbirda poytaxtimizdagi oliy o‘quv yurtlari, Chirchiq tibbiyot kolleji talabalari, Toshkent arxitektura qurilish instituti, Toshkent davlat texnika instituti professor o‘qituvchilari, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sovrindorlari, respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi xodimlari ishtirok etdilar.

Ochiq mashg‘ulot moderatori, Islom Karimov nomidagi majmuaning Ilmiy-tadqiqot va ta’lim markazi mudiri Vahob Qo‘chqorov bu galgi uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad, mavzuning tanlanishiga turtki bo‘lgan omillar xususida batafsil to‘xtaldi.

Majmua rahbarining o‘rinbosari, akademik Tursunali Qo‘ziyev Islom Karimovning istiqlol me’mori, tom ma’noda istiqbolimiz me’mori sifatida O‘zbekiston tarixida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdi.

Muloqot davomida Birinchi Prezidentimizning me’morchilik va qurilish sohasidagi g‘oyalari, taklif va tavsiyalari asosida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlariga keng nazar tashlandi.

Har bir hudud, shahar va qishloqlar, ayniqsa poytaxtimiz Toshkentning bugungi jamolida bu buyuk insonning ko‘z nuri, qalb qo‘ri mujassamdir.

Ko‘cha va xiyobonlar, qayta tiklangan tarixiy obidalar, yirik sanoat inshootlari, madaniy-ma’rifiy maskanlar, san’at koshonalari, betakror favvoralar, markaziy ko‘cha va xiyobonlarni bezab turgan haykallar bunyodkorlik borasida istiqlol yillari yutuqlarga boy, samarali davr bo‘lganligidan dalolat beradi.

So‘zga chiqqanlar Prezident Shavkat Mirziyoyevga Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish, uning ilmiy-ma’rifiy merosini chuqur o‘rganish bo‘yicha qabul qilgan insoniy qarorlari uchun cheksiz minnatdorliklarini bildirdilar.

Qilingan ishlar tarix kitobiga zarhal harflar bilan bitiladi albatta. Hayot esa davom etadi. Uchrashuv mavzusida «kecha va bugun» iborasi bejiz tilga olinmagan. Qurilish sohasida Amir Temurni hamisha ibrat qilib ko‘rsatgan Islom Karimov bugungi avlod tomonidan bu borada o‘zi ham namuna va munosib ibrat sifatida ardoqlanmoqda.

Mamlakatimiz bo‘ylab bunyodkorlik ko‘lami kengayib, yangi yangi inshootlar qad rostlamoqda. Zero tinch va osoyishta yurtda qurilish sohasi istiqbolli va bardavom yo‘nalish bo‘lib qolaveradi.

 

Farxod Kurbanbayev olgan suratlar