THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Istiqlol asoschisini yod etib


27.01.2018

Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi va qator tashkilotlar hamkorligida “Islom Karimov – istiqlol asoschisi” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Tadbir davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi hamda 2017 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida tashkil etildi. 

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashi raisi N.Umarov, universitet rektori S.Turobjonov va boshqalar mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov buyuk tarixiy shaxs, yuksak e’tiqod sohibi, kuchli siyosatchi, Vatani, xalqi uchun mehri daryo inson bo‘lganini alohida ta’kidladi. Yillar davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan, inson manfaatlarnii himoya etuvchi keng ko‘lamli islohotlar zamirida ana shu buyuk insonning zahmatli mehnati mujassam. 

Islom Karimovning qat’iyati, jasorati, yurtiga bo‘lgan kuchli sadoqati sabab mamlakatimiz mustaqillikka erishdi va qisqa muddatda ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritdi. Yosh davlatimizni dunyo tanidi. 

– Elim deb, yurtim deb yonib yashagan Birinchi Prezidentimiz mamlakatimizning ravnaq topishi, aholi farovonligi va tinchligini ta’minlashda beqiyos ishlarni amalga oshirdi, – deydi universitet magistranti Bozor Mamadiyev. – Bu ezgu fazilatdan o‘rnak olishimiz, shu yurt farzandi sifatida bor kuch-g‘ayratimizni sarflashimiz kerak, deb o‘ylayman. Chunki biz, yoshlarni chuqur bilimli, yuksak salohiyatli, zukko, dunyodagi tengdoshlariga o‘rnak bo‘la oladigan darajaga yetishimiz uchun barcha imkoniyatlar, shart-sharoitlar yaratilgan. Bu insonning yoshlarga bildirgan yuksak ishonchi, faxrlanib so‘zlashlari bizni yutuqlar sari undaydi. 

Tadbirda Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish etildi. 

Barno Meliqulova, O‘zA