THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

ILM VA ZIYO MASKANI


21.05.2024

Bugun zamonaviy dunyoda axborot olish uchun bizga eng soʻnggi texnologiyalar koʻmakka kelmogʻi tayin. Ularning ahamiyatini zigʻircha kamsitmagan holda bir haqiqatni tan olish kerak: ilmning ham, oʻsha eng zamonaviy vositalarning ham, ma'naviyatning ham asosi – kitob. U – egallanajak bilimlar ibtidosi, u – yuksaklikka eltuvchi nur, u – ziyoga boshlovchi yoʻlchi yulduz. Kutubxonachilik ishiga xalqaro hamjamiyat tomonidan koʻrsatilayotgan e'tibor ham kitobning ana shu tengsiz ahamiyati bois boʻlsa kerak.

 

Jizzax shahrida “Central Asia – 2024”: fan, ta'lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XVII Xalqaro konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Xorijiy mamlakatlardan kelgan xalqaro ekspertlar, kutubxona va axborot-resurs markazlari, nashriyotlar, arxivlar, muzeylar vakillari, olimlar va mutaxassislar qatnashgan anjumanda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi delegasiyasi ham ishtirok etdi.

Tadbir tashkilotchilari – Prezident huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona, Adliya vazirligi huzuridagi “Oʻzarxiv” agentligi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Oʻzbekiston davlat san'at va madaniyat instituti hisoblanib, ular tomonidan soha boʻyicha oʻziga xos muloqot maydoni yaratildi.

Dastlab boʻlib oʻtgan yalpi majlisda har bir davlat vakili oʻz faoliyatlari yuzasidan taqdimotlar oʻtkazdi. Xususan, tizimda sun'iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, kutubxonachi kadrlarni tayyorlashda ta'lim muassasalari bilan hamkorlik, virtual oʻquv zallarining afzalliklari, xususiy va mahalla kutubxonalari istiqbollari boʻyicha ma'ruzalar taqdim etildi. Ma'ruzalar nomlari ham bir-biridan qiziqarli va dolzarb ediki, misol tarzida “Ijtimoiy media tarmoqlar davrida kitob oʻqish: inqiroz yoki renessans”, “2024: bugun yoshlar nega kutubxonaga borishmoqda”, “Bolalar kutubxonasi shaklidagi volontyorlik” kabilarni sanash mumkin.

Bevosita Yodgorlik majmuasi kutubxonasiga kelsak, bugun uning fondida 60 mingdan ziyod kitob, 10 mingga yaqin jurnal, elektron va video resurslar, Birinchi Prezident hayoti va faoliyatiga daxldor arxiv materiallari mavjud. Islom Karimov nomidagi kutubxona bugungi kunda Birinchi Prezidentning oʻzi 2002 yil 12 apreldagi qarori bilan asos solgan – Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston milliy kutubxonasi bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. Oʻsha yili imzolangan “Ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni esa – Oʻzbekistonning ilmiy va texnologik salohiyatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi islohotlarning strategik vazifalari va ustuvor yoʻnalishlariga muvofiq holda mamlakat ilmiy-texnikaviy taraqqiyotini ta'minlash, olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar va texnologik ishlanmalar saviyasi, sifati va samaradorligini oshirish, ulardan amaliyotda keng foydalanish uchun oʻz vaqtida zamin yaratib bergan edi.

Mamlakat Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2019 yil 10 iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi aholisiga axborot-kutubxona xizmati koʻrsatishni yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori esa – bu masalaga yangi Oʻzbekistonda ham jiddiy ahamiyat berilayotganiga dalil boʻla oladi. Ushbu qaror ijrosi yuzasidan ta'lim muassasalari kutubxonalarini adabiyotlar bilan toʻldirish, oʻzbek va jahon adabiyoti namunalarining audio variantlarini yaratish, «Bibliobus»lar faoliyatini yoʻlga qoʻyish, QR-kodlar yordamida elektron kitoblardan foydalanish, kutubxonachilik sohasida milliy va xalqaro tadbirlarni tashkil etish singari muhim ishlar amalga oshirildi.

 

Bevosita Jizzaxdagi anjumanga qaytadigan boʻlsak, Ilmiy-ma'rifiy yodgorlik majmuasi mutaxassislari “Kutubxonadagi axborotlashtirish jarayonlaridagi modul axborot tizimi” mavzusi boʻyicha mahorat darslarida ishtirok etib, bevosita uning tashkilotchisi boʻlmish – Rossiyaning ID logic kompaniyasi sertifikatiga ega boʻlishdi. Bundan tashqari Respublika tibbiyot kutubxonasi bilan muntazam tajriba almashish, kutubxonaning elektron yigʻma katalogini ishlab chiqish boʻyicha hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Belorussiya kutubxonalar Assosiasiyasi raisi Vadim Gigin bilan boʻlib oʻtgan konstruktiv muloqot chogʻida Islom Karimov nomidagi kutubxonaning axborot texnologiyalar borasidagi faoliyatini RFID tashkiloti tomonidan texnik qoʻllab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Tadbir davomida yalpi majlislar, shoʻ'ba yigʻilishlari, “Axborot-kutubxona a'lochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Xalqaro konferensiya doirasidagi shoʻ'ba yigʻilishlarida “Eng faol ma'ruzachi”larga Milliy kutubxona tomonidan sertifikatlar topshirildi.