THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

IJODGA JO BO‘LGAN XOTIRA


17.09.2025

Yodgorlik majmuasida insoniylik va bag‘rikenglik ruhida, Birinchi Prezident xaqidagi yorug‘ xotiralarga boy tarzda kechgan navbatdagi, nihoyatda samimiy uchrashuv xaqida alohida to‘xtalmoq joiz.
Majmua Vasiylik Kengashining a’zosi, Birinchi Prezidentning rafiqasi Tatyana Karimova, Majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov Oqsaroydagi Islom Karimov nomli kutubxonada rassom, hunarmand Nilufar Yarmatova, tarixchi Orif Norto‘rayev hamda shoir Erkin Akromov bilan uzoq suhbat qurdilar.
Turli kasb egalari, tengqur bo‘lmagan bu insonlarni birlashtirgan asosiy sabab – ular, o‘zi tug‘ilib o‘sgan maskan Yangiyo‘lni, yangiyo‘lliklarni ulug‘lab, tumanning boy tarixi, salohiyatini beminnat targ‘ib qilishdan va bu yo‘ldagi izlanishlardan charchamaydigan chin vatanparvarlardir. Eng muhimi, mustaqil davlatning asoschisi, odamlarning emin erkin hayot kechirishi, mehnat va ijod qilishi, sevgan kasbi bilan shug‘ullanishi uchun keng imkonyatlarni yaratgan insondan cheksiz minnatdorlik hissi bilan yashayotgan yurtdoshlarimizdir.

Shubxasiz, Respublika hunarmandlari tanlovining g‘olibi, rassom Nilufar Yarmatova Islom Karimovning portretini rishton laganlariga ko‘chirayotganida ayni shu tuyg‘ularni his qilib ijod qilgan. Bundan tashqari, Nilufar Birinchi Prezidentning rafiqasi bilan tushgan surati ko‘chirilgan antiqa sopol laganni ham shaxsiy sovg‘a sifatida tayyorlab kelgan ekan. Uchrashuvda mehmonlar chuqur hurmat ila sovg‘alarni Tatyana Akbarovnaga tortiq qildilar.
Orif Norto‘rayev: “Islom Karimov o‘z yurtini va xalqini cheksiz sevgan inson sifatida xotiramizda qoladi”, deya Birinchi Prezidentning Yangiyo‘lga tashrifi bilan bog‘liq voqealarni yodga oldi.

Shoir bor joyda she’rxonlik bo‘lishi tabiiy. Erkin Akramovning jo‘shqin kayfiyatda o‘qib bergan to‘rt qator she’ri barchaning kayfiyatini ko‘tarib yubordi.
Uchrashuvdan esdalik sifatida Tatyana Akbarovna tomonidan ham mehmonlarga sovg‘alar ulashildi.
Majmuaga tashrifi davomida Yangiyo‘llik mehmonlar “Butun olamni jo qilgan qilgan yurak” ko‘rgazmasini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.


F.Qurbanbayev, T. Qurbanbayev fotosuratlari