THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

HURRIYATNING NURLI TONGI


29.08.2025

“Xalq bugun bizdan himoya talab qilayapti, tinch-totuv hayot, og‘ir mehnatlariga yarasha turmush sharoitlarini talab qilayapti. Bu haqqoniy talabdir. O‘zbekiston rahbariyati hech qachon, hech qanaqa Ittifoq bo‘lmasin, kim bilan ittifoq bo‘lmasin, ikkinchi darajali rolga rozi bo‘lmaydi va bunga yo‘l ham qo‘ymaydi.

Men shu bugundan e’tiboran, 1 sentyabrni jumhuriyatimizda Mustaqillik kuni – umumxalq bayrami deb e’lon qilishni taklif etaman!”

Roppa-rosa 34 yil oldin, 1991 yilning 31 avgust kuni, O‘zbekiston Oliy Kengashining XII chaqiriq navbatdan tashqari VI sessiyasida Birinchi Prezident Islom Karimov tomonidan qilingan tarixiy ma’ruzaning ayniqsa mana shu qismi qayta-qayta tinglansa-da, quloqqa xush yoqaveradi, odamni allanechuk shirin xotiralar tomon boshlaydi, qalbing uzra nurli bir tongning yoqimli sabolari esgandek bo‘laveradi. Chunki u – Vatan ozodligi ibtidosi bilan bog‘liq gaplar.

Inson qalbining boyliklari ichida Vatan tuyg‘usi deb atalgan bebaho javohir bor. U – yuragimizning quvvati, e’tiqodimizning sobitligi, hayotimizning butunligidir. Onamiz – Vatan, bolamiz – Vatan, ko‘zimizning oqu qorasi – Vatan. Uni his qilmagan farzand, tarannum etmagan ijodkor yo‘q. Vatan – Navoiy va Mashrabning iztirobi, Bobur va Furqatning sog‘inchi, Cho‘lponu Fitratlarning uvol ketgan joni-yu qoni... Quvonchu qayg‘ulari bilan, shodu g‘amnok kunlari, kechmishi bilan, boricha bizniki u.

Vatanni, yurtni ozod ko‘rgan kunimiz – biz uchun bayramlar ichra bayram, haqli ravishda bosh ayyom hisoblanadi. O‘tgan yillar davomida bu bayram ham, bu sana ham – cho‘ng e’tiqodimizning ajralmas bir qismiga aylanib ulgurdi, qadriyatimizdan, tiynatimizdan sira o‘chmas bo‘lib o‘rin oldi. Yillarki, birda dolg‘ali, birda suronli, birda osoyishta, birda sururli. Bizga saboq bo‘lgan yillar, turfa qiyofalarni, ularning asl shakl-shamoyilini ochgan yillar. Ochig‘i, “Yov qochsa, botir ko‘paygani”dek, g‘alabaning ham egasi ko‘p bo‘ladi. Ammo bu oqsoch tarixning bizga bergan sabog‘i shulkim, yillar, asrlar o‘tsa-da, yurtni hurriyatga, istiqlolga – qon to‘kibmi va yo tinch yo‘l bilanmi, olib chiqqan, ongli umrini – ana shu yurt dunyoda tenglar ichra teng bo‘lmog‘iga tikkan insonning nomi abadiyatga daxldor bo‘lib qolaveradi.

Mustaqillikning ilk yillaridan parlament a’zosi, Oliy Majlisning 1993- 2008 yillardagi raisi Erkin Xalilov xotiralaridan:

“Mustaqillik osmondan tushgani yo‘q, o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q. Bunda Birinchi Prezidentning juda ham mardonavor sa’y-harakatlari, irodasi, mardligi muhim rol o‘ynadi. Mustaqillik e’lon qilingani ham kechagidek esimda. GKCHP o‘tgandan keyin Islom Abdug‘aniyevich kaminaga “3 kun ichida O‘zbekiston Mustaqilligi to‘g‘risida qonun loyihasini tayyorlagin”, dedilar. Bunday qonun tayyorlash tajribada bo‘lmagan. U kishi fikr berdilar, siyosiy irodani bayon qildilar, biz yurist sifatida mana shu iaxfiy topshiriqni amalga oshirishimiz kerak edi.

O‘ylab-o‘ylab, 3 ta hujjat tayyorlandi. Avvalo, “O‘zbekiston mustaqilligi asoslari to‘g‘risida” degan nom bilan qonun loyihasi tayyorladik. Mustaqillik e’lon qilinmasdan, bu qonunni o‘z-o‘zidan qabul qilish mumkin emas edi. O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilish to‘g‘risida Oliy Kengash qarori loyihasini ham tayyorladik. Va uchinchi hujjat  –  qonunni qabul qilish to‘g‘risidagi qaror loyihasi ham tayyor bo‘ldi. Islom akaga olib bordim (u paytlar parlament Qonunchilik qo‘mitasi raisi edim).

Hujjatlarni majlisga kirayotganlari sabab vestibyulda berganman. Olib kirib ketdilar-da, ko‘rib chiqib, meni chaqirdilar. Bo‘ldi, sessiyani tayyorlaymiz, majlis qilamiz, dedilar. 30 avgustda prezidium o‘tgan, bahs bo‘lgan. 31-chida e’lon qilib, bayramni qachon qilamiz, desak, 1 sentyabr, deganlari esimda. O‘qishning birinchi kuni bo‘ladi-ku, degan e’tirozlar ham bo‘lgan. Islom Karimov mustaqillik kunini belgilashda ham qat’iyat ko‘rsatdilar: “Mustaqillikni 31 avgustda e’lon qilamiz, Mustaqillik bayramini esa 1 sentyabr kuni etib belgilaymiz,” degan edilar”

...Oradan yillar o‘tdi. Ramziylikni qarangki, bugun – eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida – Istiqlol asoschisi nomini ham, mana, 9 yildan buyon xotirlay boshladik. Darvoqe, chorak asr oldin uning o‘zi 31 avgustni – “Qatag‘on qurbonlari xotirasi kuni” sifatida belgilab bergan edi, uniyam nishonlaymiz. Ajab uyg‘unlik: bira to‘la uchta sana. Har sanalarki...

Buni – umrni shu Vatan va uning saodati yo‘lida tikish deyishadi.

Shu o‘rinda esa barcha yurtdoshlarimizni Vatanning eng buyuk bayrami, hurriyatning nurli tongi bilan qutlaymiz!

Mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!