O‘zbekiston va Xitoy – qadim taraqqiyot o‘lkalari. Bugun zamonaviy dunyo xaritasida – tarix, madaniyat va an’analari mushtarak bo‘lgan bu ikki davlat yangicha shakldagi hamkorlik rishtalarini bog‘lab kelmoqda. Aloqalar olis Buyuk Ipak yo‘liga borib taqalsa-da, uni qayta tiklash tadoriklari O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti nomi bilan bog‘liq. Chunki o‘shal rishtalardan davlatlararo aloqalarni mustahkamlash, infratuzilmani, savdo-sotiqni rivojlantirib, iqtisodiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda foydalanish g‘oyasini ilgari surgan shaxs – aynan Islom Karimov edi.
Shu bois ham Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi – bu galgi Xitoy delegatsiyasining O‘zbekiston tarixi va madaniyati bilan tanishuv dasturidagi ilk manzili bo‘ldi. Buni XXRning yetakchi sarmoyaviy va qurilish kompaniyalaridan tashrif buyurgan mehmonlar ham tasdiqlaydi.
Mao Tanlang – delagatsiya rahbari:
– Mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni tiklagan buyuk yetakchi xotirasiga hurmat bajo keltirishni o‘zimizning burchimiz, deb bilamiz. Prezident Islom Karimov hozirgi bosqichdagi O‘zbekiston Respublikasi bilan XXR o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik, strategik sheriklik va mustahkam do‘stlik munosabatlarining asoschisidir. Uning faoliyati bizning yurtda ham yaxshi ma’lum va yuksak hurmat-ehtiromga ega. Aloqalar bugun yanada kuchayib, talay qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
![]() |
Mehmonlar “Butun olamni jo qilgan yurak” ko‘rgazmasi namoyish etilayotgan galereyada O‘zbekistonning xalqaro munosabatlari rivoji solnomasi bilan tanishishdi. Chin yurti bilan bog‘liq lavhalar alohida o‘rin tutgan fotomateriallarda – Islom Karimov hamda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, qolaversa, ushbu mamlakatning boshqa ko‘plab rahbarlari bilan uchrashuvlarning eng yorqin lahzalari aks etgan.
Darvoqe, Islom Karimovning Xitoyga davlat tashriflaridan birida u Si Szinpin tavallud topgan Shensi viloyatidagi qadimiy Sian shahri bilan yaqindan tanishgan, mustahkam do‘stlik belgisi sifatida O‘zbekistonning Birinchi Prezidentiga ushbu o‘lkaning Faxriy fuqarosi yorlig‘i topshirilgan edi. Bu galgi – aynan Shensi viloyatini tamsil qilayotgan Xitoy delegatsiyasi a’zolari mazkur tarixiy faktni – do‘stlik va hamkorlikning tobora mustahkamlanib borayotgani ramzi sifatida alohida ta’kidladilar.
Mehmonlarda Islom Karimovdek murakkab shaxs qiyofasining o‘ziga xos qirralarini ochib bergan rassom va haykaltaroshlarning badiiy asarlari ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Ko‘rgazmada Birinchi Prezident faoliyati davomida xorijiy delegatsiyalar tomonidan taqdim etilgan esdalik sovg‘alari ham namoyish etilgan. Ana shunday tuhfalardan biri – Xitoy chinni laganida “Abadiy hayot orzusi” degan so‘zlar bitilgan. Inson zotining abadiyatga daxldorligi – ishlarida, qoldirgan merosida namoyon bo‘ladi. Inchunun, Islom Karimov faqat ona yurtida emas, ro‘yi zaminning har go‘shasida xotirlanadi, ulug‘lanadi.
F.Qurbonboyev fotosuratlari