THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Buyuk jasorat sohibi – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga ehtirom


22.01.2018

Toshkent madaniyat kollejida Birinchi Prezident Islom Karimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Unda taniqli olimlar, adabiyot va san’at namoyandalari, professor-o‘qituvchilar, keng jamoatchilik vakillari hamda yoshlar qatnashdi.

– Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov bizga doim aziz farzandlarim, deb murojaat qilganlari qalbimizdan chuqur joy olgan, – deydi kollej o‘quvchisi Sh.Erkinov. – Bizning kelajagimiz yo‘lida doim kuyingan, barcha sharoitni muhayyo etgan Yurtboshimiz boshlagan ishlarning munosib davomchilari bo‘lishga intilamiz.

– Sobiq mustabid tuzum davrida milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz, muqaddas dinimiz, azaliy an’analarimiz ayovsiz toptaldi, – deydi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti dotsenti To‘lqin Eshbekov. – O‘sha davrlarda bu haqda ochiq-oshkora gapirish – katta ma’naviy jasorat edi. Mustaqilligimiz asoschisi Islom Karimov xalqimiz orzu-umidlarini ro‘yobga chiqardi. Milliy-ma’naviy qadriyatlarimizga ehtirom bilan munosabatda bo‘lish, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimiz, bebaho tarixiy merosimizni asrab-avaylash va rivojlantirishni davlat siyosati darajasiga ko‘tardi, xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini oshirishga katta hissa qo‘shdi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA