THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

BUYUK SHAXS FAOLIYATINING XORIJDAGI E’TIROFI


01.07.2024

Xotira – ulug‘ tushuncha. Ayniqsa, u millat va davlat taqdirida o‘ziga xos iz qoldirgan shaxslar to‘g‘risida bo‘lsa, u bilan bog‘liq esdaliklar, yodnomalarning – yillar o‘tgan sayin qadri oshib boraveradi. Bunday shaxslar faoliyati bilan bog‘liq badiiy, publitsistik, tarixiy asarlar yaratilishi, ilmiy izlanishlar olib borilishi esa – tabiiy jarayon.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi kutubxonasida Turkiya milliy mudofaa universiteti (Milli Savunma Üniversitesi) tadqiqotchisi Ismoil Po‘latning “Islom Karimov davrida O‘zbekistonning milliy qurilishi” deb nomlangan doktorlik ilmiy ishi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. U O‘zbekistonning eng yangi davri tarixini, aniqrog‘i, mustamlakadan ozod bo‘lib, mustaqillik qo‘lga kiritilgan dastlabki chorak asrni qamrab olgan bo‘lib, ilmiy ishda bu jarayonlarni bevosita boshqargan millat yetakchisi faoliyatini – uning bor mushkulotlari va murakkabliklari bilan tahlil etishga harakat qilingan.

Tadbirni ocharkan, majmua rahbari, tarix fanlari doktori, professor Temur Shirinov ilmiy ishning yutuqlari va o‘ziga xosliklari, keng qamrovi hamda jo‘g‘rofiyasi to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi. “Doktorlik ishi yaratilishi bilan bevosita tanish odam sifatida ayta olamanki, jarayonda turkiyalik yosh tadqiqotchi salmoqli vaqtini Islom Karimov nomli kutubxonada o‘tkazgani ham – uning izlanishdan to‘xtamasligidan, turfa gadjetu so‘nggi texnologiyalarga bog‘lanib qolgan salaflaridan farqli tarzda, tarixiy voqealarni bevosita davr guvohlari va kitoblar vositasida tahlil qila bilish layoqatidan dalolat beradi”, - deya ta’kidladi u o‘z chiqishida.

Majmua Vasiylik kengashi a’zosi, Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova ham taqdimot marosimida ma’ruza qilib, xorijlik olimga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. Notiq o‘z chiqishida “Biz uchun qadrdon va do‘st mamlakat Turkiyada – mustaqil davlat asoschisi bo‘lmish O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti faoliyatiga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotga hurmat bilan munosabatda bo‘lingani men uchun alohida qadrli”, – deya dil so‘zlarini izhor etdi.

Shundan so‘ng navbat – o‘z ilmiy ishini taqdim etish uchun Ismoil Po‘latga berildi. Mehmon ma’ruzasi davomida – zamonaviy Turkiyada uning asoschisi Mustafo Kamol Otaturk nechog‘li qadr va nufuzga ega bo‘lsa, O‘zbekiston uchun Islom Karimov ham shunchalar e’zozda ekani; mamlakat uchun g‘oyat murakkab, millatlararo va diniy konfessiyalararo to‘qnashuvlar avjiga chiqib, davlatchilik taqdiri xavf ostida qolgan bir pallada tarix maydoniga kelgan bu shaxs o‘z vaqtida qat’iy va izchil siyosat yuritmaganida, bugungi O‘zbekiston xaritasi ham butkul boshqacha ko‘rinishda bo‘lib qolmog‘i muqarrarligi; uning ko‘p vektorli ichki va tashqi siyosati mahsuli – bugungi tinch va osoyishta dunyoviy davlat ekani; ilmiy ishda yaqin tarixning mazkur silsilalariga alohida yondashilib, ular imkon darajasida tadqiq etilgani haqida so‘zladi.

Tadbirda so‘zga chiqqan Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali, Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti dekani, Islom Karimovning turk tili bo‘yicha sobiq tarjimoni Jumali Shabanovlar – O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti haqidagi ilmiy tadqiqotlar shu bilan to‘xtab qolmasligi lozimligi, binobarin, Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasining bu boradagi faoliyati ham tahsinga sazovorligi haqida gapirib, I.Karimovning xalqaro, jumladan, O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarida mustaqil pozitsiyasi va sa’y-harakatlaridan hikoya qiluvchi esdaliklarni so‘zlab berishdi.

Taqdimotda so‘z olgan Yodgorlik majmuasi muzey direktori, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Oybek Abdimo‘minov – xorijlik hamkasbining ilmiy ishidagi yutuqlar bilan bir qatorda, undagi ahamiyat berilishi lozim bo‘lgan jihatlar to‘g‘risida ham batafsil ilmiy mulohaza yuritdi.

Konstruktiv muloqotlar, ilmiy yondashuv va samimiy xotiralarga boy tarzda o‘tgan tadbir yakunida Tatyana Karimova turkiyalik mehmonga “Islom Karimov nomli kutubxonaning eng faol kitobxoni” yillik mukofotini topshirdi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, o‘z umrini – yurt kamoli, tinchligi va taraqqiyoti yo‘liga sarf qilgan buyuk inson faoliyati – tadbir davomida bot-bot tilga olinganidek, kelajakda ko‘plab asarlar, ilmiy tadqiqotlar mavzusi bo‘lib qolishiga shak-shubha yo‘q.

T.Qurbonboyev olgan suratlar